Prezident Donald Tramp yana bir saylovoldi va’dasining ustidan chiqqanini aytmoqda. Tramp ko’p masalalarda federal cheklovlarni kamaytirishiga va’da bergan edi. Ammo tanqidchilariga ko’ra, internetga kirishga teng imkoniyatlar beruvchi qoidaning bekor qilingani zarardir.
Respublikchilar nazoratidagi Federal aloqa komissiyasi ikki yil oldin yirik telekommunikatsiya kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan tarmoqdagi betaraflik tartibini yumshatishga ovoz berdi. Komissiyaning Tramp tayinlagan raisiga ko’ra, hukumat endi internetdagi mayda-chuyda ishlarga aralasha olmaydi.
“Internet endi erkin va ochiq bo’ladi, infratuzilmaga sarmoya, yangi g’oyalar ko’payadi”, - deydi Ajit Pay.
Biroq xaridor manfaatlari himoyachilarining aytishicha, eski tartibning bekor qilinishi natijasida internet mazmunini yirik kompaniyalar belgilaydi.
“Tarmoqdagi betaraflik korporatsiyalar va hatto hukumat tashviqotiga to’siq edi. Internet ochiq va erkin bo’lishi kerak. Korporatsiyalar uning mazmuni, tezligi, unga kirishni nazorat qilmasligi lozim”, - deydi faol Lenni Bianchi.
Aloqa komissiyasining qaroridan norozilar sudga arz qilishi mumkin. Prezident Tramp federal cheklovlarni biznes va taraqqiyotga zarar deb, ularni qisqartirishga va’da bergan.
“So’nggi 11 oyda 1500 dan ziyod masala bo’yicha hukumat nazoratini bekor qildik yoki vaqtincha to’xtatdik. Natijasini qimmatbaho qog’ozlar bozoridagi kompaniyalar ko’rsatkichlariga qarab, ishlab chiqarishni xorijga chiqargan shirkatlarning Amerikaga qaytib kelayotganidan bilsangiz bo’ladi”, - deydi Tramp.
Uning aytishicha, energetika sohasi, ko’mir va avtosanoat, infratuzilma loyihalariga qo’yilgan ko’plab cheklovlar bekor qilindi. Amerika iqtisodiyoti dunyodagi raqobatchilarini yengishi uchun hali ancha eskirgan va ortiqcha cheklovlarni yo’q qilish zarur, deydi prezident.
Facebook Forum