Breaking News

Tramp mamlakatni bo'lib qo'ymoqdami?


O’tgan hafta Nyu-York shtatining Buffalo shahrida politsiyachilar 75 yashar odamni itarib, yerga tushirgani tasvirlangan video internet orqali tarqalib ketdi. Ikki posbonga ikkinchi darajali hujum ayblovi qo’yildi.

Xalqaro hayot – 10-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:00 0:00

Biroq Prezident Donald Tramp bu odamning politsiya aloqa moslamasini to’sishga harakat qilganini da’vo qiluvchi videoni “Twitter”dagi sahifasiga qo’yib, uni ultra so’l qanot “Antifa” tashkilotining provokatori deb atadi.

Trampning so’nggi bir necha tviti jamiyatning bir qismi tomonidan g’azab bilan qabul qilinib, uni usiz ham so’nggi bir necha kundan beri davom etayotgan namoyishlardan charchagan mamlakatda irqiy bo’linishlarni kuchaytirishda ayblashdi.

“Bu mamlakatdagi inqirozdan chiqish yo’llarini taklif etishga, odamlarni birlashtirishga qodir prezident emas. Tramp uni tanqid qilgan odamlarga qattiqroq hujum qilish orqali muvaffaqiyat qozongan, jamiyatni bo’lishga va shu bilan o’zining kichik sonli tarafdorlarini xursand qilishga harakat qilayotgan odamdir”, - deydi Vashingtondagi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Norman Ornstayn.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 76 foizi, jumladan oq tanli aholining 71 foizi irqchilik va kamsitishni mamlakatda katta muammo deb atagan. 2015-yilda bunday fikrlovchilar 50 foiz atrofida edi.

“Oq tanli amerikaliklar orasida hozirgi tizim ularga imtiyozlar berganini, ammo ijtimoiy adolat va boshqa odamlar undan zarar ko’rayotganini anglab yetayotganlar ko’paymoqda”, - deydi yozuvchi Jonatan Metsl.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning 78 foizi namoyishlarni qo’llab-quvvatlaydi, 57 foizi politsiyachilar qora tanlilarga nisbatan adolatsizroq degan fikrda.

Ayrim shaharlar merlari politsiya faoliyati uchun ajratilayotgan pulning bir qismini ijtimoiy xizmatlarga sarflashga qaror qildi.

Tramp huquq-tartibot idoralarida irqchilik keng quloch yozganini inkor etarkan, politsiyani pulsiz qoldirish harakatlariga qarshi ekanini aytdi.

“Biz yaqinda guvoh bo’lgan xunuk voqealar ba’zan bo’lib turadi, ammo 99,9 foiz holatda – mayli 99 foiz bo’la qolsin – ular ajoyib insonlar”, - dedi Tramp.

Oq uy matbuot kotibining aytishicha, Tramp qora tanli aholini iqtisodiy imkoniyatlar bilan ta’minlash va adliya tizimini isloh qilishga undash orqali irqchilikka qarshi kurashmoqda.

Tramp oq tanli politsiyachi qo’lidan o’lgan Jorj Floyd oilasi bilan telefon orqali suhbatlashdi, ammo qora tanli jamoa vakillari yoki namoyishchilar bilan yuzma-yuz muloqot qilgani yo’q.

Uning saylovdagi demokrat raqibi Jo Bayden esa Floydning oilasi va qora tanli faollar bilan uchrashdi. Ijtimoiy so’rovlarda amerikaliklar Baydenni Trampga qaraganda marhamatliroq deb bilsa-da, nomzod oldida o’ziga yarasha qiyinchiliklar bor.

“Bayden o’tmishdagidek huquq-tartibot idoralari vakillarining ovozlarini olishga harakat qilish bilan birga politsya va politsiya zo’ravonligi masalasida katta o’zgarishlarga qat’iyat bilan da’vat etishi lozim bo’ladi, bu esa juda nozik ish”, - deydi tahlilchi Ornstayn.

Bayden tartibsizliklarni qoralab, politsiya byudjetini qisqartirish da’vatlariga qarshi chiqdi. Buning o’rniga, deydi u, politsiya tizimini isloh qilib, tizimli irqchilikka barham berish kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG