Breaking News

AQShda dorilar suiiste'moli jiddiy muammoga aylangan


AQShda opioid preparatlar, ya’ni og’riqni qoldiruvchi dorilarni suiiste’mol qilish natijasida har kuni 100 kishi vafot etadi. Noqonuniy dorilar sirasiga geroin ham kiradi. Prezident Tramp so’zlariga ko’ra, o’tgan 20 yilda mamlakatda giyohvand moddalar iste’moli to’rt baravar oshgan va bu baloga qarshi keskin choralar ko’riladi.

Tramp amaldagi vaziyatni favqulodda holat deb e’lon qildi. Uning aytishicha, aholining har bir qatlami bu epidemiyadan aziyat chekmoqda.

“Dori suiiste’moli tasodifiy o’lim hollarining asosiy sababiga aylangan. 1999-yildan beri bu preparatlarni me’yoridan ortiq ichish oqibatida o’lganlar soni to’rt karra ko’paygan”, - deydi prezident.

Tramp inqirozda avvalgi ma’muriyatni ayblamoqda. 2011-2016-yillar oralig’ida, deydi u, narkotiklar bilan bog’liq jinoiy ishlarni taftish qilish 23 foizga kamaygan, aybdor topilganlar uchun jazo muddati qisqargan. Qonunlarni o’zgartiramiz, deydi prezident.

“Narkotiklar oqib kelayotgan janubiy chegarada nazoratni kuchaytirayapmiz. Dorilarning ba’zi turlari Xitoyda ishlab chiqariladi. Bu va boshqa davlatlar bilan hamkorlikda chora ko’ramiz”, - dedi Tramp.

Muammoni o’rganish uchun tuzilgan komissiya favqulodda holat e’lon qilib, shtatlarga yordamni oshirishni tavsiya qilgan edi.

Sog’liqni saqlash vaziri Tom Praysga ko’ra, 2015-yilning o’zida peredozirovkadan 52 ming fuqaro o’lgan. Narkomanlarni davolash uchun federal hukumat katta mablag’ ajratadi. Og’riqni giyohvand moddalarsiz davolash yo’llarini izlaymiz, deydi vazir.

“Masalani o’rganish uchun turli shtatlarga safar qildik, oilalar bilan, mutaxassislar bilan gaplashdik, mahallalarni borib ko’rdik. Nima ish berayapti, qanday usullarni qo’llasak bo’ladi, qaysi shaharlar muammoni yenga oldi va ulardan nima o’rgansak bo’ladi?”

AQSh Sog’liqni saqlash institutlari giyohvandlikka qarshi vaksina va og’riqni qoldiruvni yangi dorilar ustida ish boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG