Saylovdan bir yil o'tib Tramp prezidentligi qanday kechmoqda?

  • Amerika Ovozi

8-noyabr chorshanba kuni Donald Trampning saylovda g’alaba qozonganiga roppa-rosa bir yil to’ldi. Amerikaning 45-prezidenti Oq uyda to’qqiz oy mehnat qilgan bo’lsa, saylovchilariga bergan va’dalarining ba’zilarini bajardi, boshqalarining esa uddasidan chiqa olmadi.

Masalan, g’alaba kechasi Tramp mamlakatni birlashtiraman deb aytgan edi.

Inauguratsiyasida esa unga saylovda ovoz bergan amerikalik ishchilar ahvolini yaxshilashni va’da qildi.

“Siyosatchilar boyiyapti, ishchilar esa ishidan ayrilgan, fabrikalar yopilgan. Bunga chek qo’yish vaqti keldi”, - degan edi Tramp.

Trampning saylanishi AQSh siyosatida keskin burilish yasadi, deydi siyosatshunos Jon Fiyeri.

“Respublikachi saylovchilarning asosiy qismi endi Tramp saylovchilaridir. Unga qarshi qaratilgan har qanday xurujni ular o’ziga qarshi deb ko’radi”, - deydi Fiyeri.

Trampning prezidentligi silliq boshlanmadi. Saylov natijasidan norozi fuqarolar mamlakat bo’ylab namoyish qildi.

Nil Gorsachning Oliy sud sudyasi etib tayinlanishi prezidentga ochko keltirdi. Iqtisodiyotning ko’tarilishi, moliya bozorining jonlanishi, “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi harbiy yutuqlar ham Tramp hisobiga yozildi.

Biroq sog’liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasi Senatdan o’tmagach, Tramp va respublikachilar ilk jiddiy zarbaga uchradi.

Natijada prezidentning rejalari to’xtab qoldi, deydi Allan Lixtman.

“Oq uy va Kongressni nazorat qilayotgan hukmron partiya hali bu qadar zaif bo’lmagan”, - deydi Amerika universiteti siyosatshunosi.

Prezidentning siyosatini “Twitter” orqali bildirish odati va ayrim qarama-qarshi bayonotlari uni va’dalarini bajarishdan chalg’itdi.

Kongress bilan chiqisha olmagani ham Tramp reytingiga salbiy ta’sir qildi, deydi tahlilchi Larri Sabato.

“Ko’plab amerikaliklar uning ishini yoqlamayapti, reyting ko’tarilish o’rniga tushishda davom etmoqda”, - deydi u.

Biroq boshqa bir ekspert Mettyu Dalek nazarida, Trampning namoyishlarni saylov kampaniyasi kabi olib borish va saylovchilar bilan “Twitter” orqali muloqot qilish uslubi tarafdorlarini ruhlantirib, Kongressdagi aksariyat respublikachilarni uning atrofida jipslashtirdi.

“So’rovlarda uni muntazam ravishda 35-38 foiz fuqarolar qo’llab-quvvatlamoqda, shu sabab Kongressni nazorat qilayotgan respublikachilar unga ochiq qarshilik bildira olmaydi”, - deydi Dallek.

Rossiyaning saylovlarga aralashgani haqidagi da’volar AQShda tergov ostida ekan, Trampning sobiq maslakdoshlariga qarshi ochilgan jinoiy ishlar prezidentning kelajagiga ham tahdid solmoqda, deydi Sabato.

Trampning saylangani AQSh siyosatida o’ziga xos voqea bo’ldi. Prezidentligining mamlakat va dunyo uchun oqibatlari qanday bo’lishini aytish hozircha qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG