Tramp AQSh tashqi siyosatini hali o'zgartirgani yo'q

  • Amerika Ovozi

Pokiston ko'chalarida Amerikaga nisbatan nafrat kuchli, xususan Prezident Trampga

Donald Tramp yil boshida prezidentlikni boshlaganida tashqi siyosat tubdan o’zgaradi, deya va’da bergan edi. Lekin oradan sakkiz oy o’tib ham o’zgarish deyarli sezilmaydi. Afg’oniston, Suriya va Shimoliy Koreyaga nisbatan yondashuv oldingi rahbar Barak Obama davrida qanday bo’lgan bo’lsa, shunday. Tahlilchilarga ko’ra, biror farq yo’q.

Prezident Tramp Afg’onistondan askarlarni, oldin va’da berganidek, olib chiqmaslikka qaror qildi. Bu davlatga yordamni kamaytirmoqchi ham emas. Lekin, deydi u, bu yangicha strategiya. Aslida esa uning yangi jihati yo’q.

“Biz hamkormiz va do’stmiz. Afg’oniston xalqiga qanday yashashni, qanday siyosat yuritishni o’rgatmaymiz. Bu davlatni biz xohlagandek quring, demaymiz. Lekin terroristlarni yo’q qilamiz”, - deydi prezident.

“Amerika birinchi” degan shior ostida Tramp o’z siyosatini oldingi siyosatga moslayotgandek. Obama davrida ham yuqorida qayd etilgan gaplarni eshitar edik.

Tahlilchi Jeyms Karafano:

“Amerika uchun dunyoning uch qismida tinchlik va barqarorlik muhim, to’g’rimi: Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo. Shunday ekan, e’tibor asosan shu joylarda. Amerika qudratini boy bermoqchi yoki o’zini chetga olmoqchi emas. Aksincha, AQSh faqat harbiy emas, iqtisodiy va diplomatik qudratini ishga solmoqchi. Bu borada biror yangilik yo’q. Oldingi rahbariyat belgilagan yo’ldan ketayapmiz”.

Har bir prezident AQSh qudratini o’zi bilib ishga soladi. Tramp, deydi ekspertlar, xalqaro savdo, ittifoqchilik va AQSh tebratadigan tashkilotlarga suyanmaslikka, ularni chetga surishga qaror qilgan.

Tahlilchi Aaron Deyvid Miller:

“Tramp bir o’zim hammasini hal qilaman, Amerika shu yo’l bilan birinchi bo’lib qoladi, desa adashadi”.

Prezidentning gapi boshqa, ishi boshqa, deydi siyosatdonlar. Tvitlarida bir narsa deydi, amalda esa boshqa yo’lda. Maqsad va harakat nimadan iborat ekanini bilish uchun vazirliklar tashlayotgan qadamlarni tahlil qilish kerak.

Bugungi strategiya qanday ekanini ularning faoliyati aks ettiradi.

Tahlilchi Brayan Katulis:

“Kutilmagan ishlarga tayyor turishimiz kerak. Tashqi siyosatni oldindan bashorat qilolmaymiz. Trampning mudofaa vaziri, davlat kotibi, milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi ishni o’zlari bilib qilayotgandek… Ularga qarab, Tramp aytganidek olamshumul o’zgarishlarni ko’rmaysiz”.

O’tgan 15 yil mobaynida AQSh tashqi siyosatida harbiy qudrat birinchi o’rinda turdi. Pentagonning byudjeti oshganda oshdi. Prezident Jorj Bush siyosatini qoralagan Barak Obama Oq uyni egallagach, uning davriga xos ayrim ishlarni nafaqat davom ettirdi balki kuchaytirdi. Maxsus operatsiyalar avj oldi. Dronlar keng ko’lamda ishga soldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG