Breaking News

Qonunchilar Trampning muhojirlarga oid rejasidan norozi

  • Amerika Ovozi

Trampning muhojirlarga oid rejasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Prezident Donald Trampning ikki millionga yaqin hujjatsiz muhojirga fuqarolik sari yo'l ochish rejasi qator to'siqlar bilan yuzlashmoqda. Immigratsiya masalasida kelishuv bo'lmagani bois hukumat 20-yanvar kuni byudjetni qabul qila olmagan edi. Agar qonunchilar 8-fevralgacha kelisha olmasa, yillik byudjet yana qabul qilinmasligi, natijada federal idoralar ishdan to'xtab qolishi mumkin.

Minglab kilometr chegara xavfsizligi, yuz minglab yosh hujjatsiz muhojirlar - mamlakat oldida turgan bu ulkan muammolarni bir yoqli qilish uchun atigi bir necha kun vaqt qoldi.

"Ko'p yillardan beri immigratsiya haqida gapirib kelishdi, lekin hech narsa qilishmadi. Biz nimanidir amalga oshirishni umid qilyapmiz", - dedi Tramp.

Oq uy matbuot kotibi Sara Sandersga ko'ra, immigratsiyaga oid ma'muriyat rejasi bir qator masalalarni o'z ichiga oladi.

"Bizning reja to'rt ustundan iborat: chegara xavfsizligi, xususan, devor, DACAni qonuniylashtirish, zanjirli oila migratsiyasiga chek qo'yish hamda viza lotereyasini tugatib, imtiyozli immigratsiya tizimiga o'tish", - dedi u.

Oq uy rejasiga ko'ra, bolaligida AQShga noqonuniy kelgan 1,8 million yosh muhojir fuqarolik olishi uchun kamida 10-12 yil kutishi kerak. Ayrim qonunchilar bu chorani olqishlamoqda.

"Prezidentning 1,8 million muhojirga fuqarolik sari yo'l berishi to'gri tomonga tashlangan ulkan qadamdir. Unga nafaqat devorni, balki devor tizimini barpo etishiga imkoniyat berishimiz kerak. Zanjirli migratsiyani tugatish va qonuniy migratsiyani yarmiga kamaytirish juda murakkab muammolar", - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.

Rejani tanqid qilayotganlar ham oz emas. Noqonuniy muhojirlarga fuqarolik berish taklifi saylovchilarni norozi qilishi mumkin, deydi ayrim respublikachilar.

"Hatto Vakillar palatasida ham bu taklif respublikachilarning yetarli ovozini olishi aniq emas", - deydi tahlilchi Molli Reynolds.

Demokratlar esa Oq uy rejasini Amerika qadriyatlariga zid "sharmandalik" deb atadi. Vakillar palatasidagi ozchilik yetakchisi Nensi Pelosiga ko'ra, bu taklif "Amerikani yana oqlar yurti qilish kampaniyasi"dir.
Respublikachilar esa qarshi tomonni partiyabozlikda ayblamoqda.

"8-fevral muhlati yaqinlashar ekan, jiddiy va konstruktiv muloqotni davom ettirishimiz muhim. Amerika xalqi bizni qonun chiqarish uchun, Prezident Obamaning muhojirlarga oid noqonuniy dasturini bir yoqli qilish uchun sayladi, bir-birimizga tosh otish uchun emas. Demokrat hamkasblarimni arzon tarafkashlikdan jiddiy va samimiy muhokamani afzal ko'rishga undagan bo'lardim", - dedi Senatdagi ko'pchilik sardori Mitch Makkonel.

Oq uy ko'pincha immigratsiya bo'yicha rejalarini aniq ifoda etishni istamaydi. Bunday sharoitda yangi taklifning Kapitoliyda to'liq qo'llab-quvvatlanishi ehtimoli ko'p emas.

"Immigratsiya bo'yicha qandaydir kelishuvga erishish uchun bu reja unchalik ham maqsadga muvofiq emas", - deydi Molli Reynolds.

Federal hukumat ishdan to'xtab qolmasligi uchun qonunchilar 8-fevralgacha murosaga kelishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG