Noqonuniy muhojirlar Amerikada deportatsiya qo'rquvi bilan yashamoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp saylov kampaniyasi paytida noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashishga va’da bergan edi. Saylanganidan bir necha hafta o’tganidan so’ng AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati beshta yirik shaharda 680 muhojirni hibsga oldi.

Amerikada yashayotgan millionlab noqonuniy immigrantlar vahimaga tushgan. Ba’zilari mamlakatda uzoq yillardan beri yashaydi, farzandlari Amerikada tug’ilib, hatto fuqarolikni olgan. Ular ham deportatsiya bo’lishdan qo’rqyapti.

Sindi va uning uch farzandi ikki xonali uyning bir xonasida turadi. Ikkinchi xonani boshqalar ijaraga olgan.

Sindi Gvatemalada tug’ilgan, Amerikaga besh yoshida kelib qolgan. 17 yoshidan beri ishlab kelayotganiga qaramay, haligacha qo’lida hujjati yo’q.

Amerika Sindiga vatandek bo’lib ketgan, bu mamlakatda tug’ilgan farzandlari amerikalik, Gvatemalada bo’lmagan.

“Hujjatlarim bo’lmasa ham o’zimni shu yerlik deb bilaman. Gvatemalada tug’ilganimdan faxrlanaman, albatta, ammo u yerda katta bo’lmaganman, hayotini, madaniyatini bilmayman. Amerikada qonuniy yashashga ruxsat beruvchi hujjat olishni orzu qilaman”, - deydi Sindi.

Ayrim hisoblarga ko’ra, Qo’shma Shtatlarda 11 million noqonuniy muhojir yashaydi. Shularning yarmidan ko’pi Meksika va Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlaridan.

Prezident Tramp yanvar oyida imzolagan farmon bunday odamlarga qarshi choralarni kuchaytirdi. Davlat rahbari politsiya boshliqlariga jinoyatga qo’l urgan muhojirlarni hibsga olishni buyurdi.

“Noqonuniy immigrantlarni bilasiz, ularni taniysiz, qaysi birlari yomon, qaysilari yaxshi ekanini bilasiz. Yomonlarini tutib bering”, - dedi Tramp.

Prezident ularni deportatsiya qildirmoqchi. Panada yashayotgan muhojirlarning ko’nglida g’ulg’ula.

“Odamlar xayriya tashkilotlariga ham murojaat qilmay qo’ydi, chunki ismlarining ro’yxatga kiritilishidan, immigratsiya xodimlari qo’liga tushishdan va keyinchalik mamlakatdan chiqarib yuborilishidan qo’rqyapti”, - deydi nasroniy tashkilot xodimi Rodrigo Agirre.

Xemelina zulmkor eri va jinoiy to’dalardan qochib, Salvadordan Amerikaga o’tgan yili kelgan.

“Agar meni mamlakatimga qaytarib yuborishsa, holim nima bo’ladi, bilmayman, axir zo’ravonlikdan qochib kelgandim”, - deydi u.

Xemelina siyosiy boshpana olishga umid qilmoqda. Immigratsiya masalalari bo’yicha advokat Smita Dazzo unga bunda yordam bermoqda.

“Odamlarning aksariyati Amerikaga najot izlab, hayotini qutqarish uchun kelmoqda. Ular uchun hayot u yerda juda ham qo’rqinchli. Majbur bo’lishyapti Amerikaga kelishga”, - deydi Dazzo.

Biroq ko’plari AQShda qolishga harakat qilarkan, Trampning immigratsiya siyosatini qo’llab-quvvatlayotganlar buni cheklash kerakligini aytadi.

“Amerika kabi mamlakatlarga ko’chib bormoqchi bo’lgan odamlarning soni cheksiz. Ammo hammasini ham qabul qila olmaymiz. Hammasi ham Amerika hayotiga o’rgana olmaydi, ularni ish bilan, uy bilan, sifatli hayot bilan ta’minlash oson emas”, - deydi Amerika immigratsiya islohoti federatsiyasi prezidenti Den Stayn.

Muhojirlarni qo’llab-quvvatlayotgan faollarning aytishicha, tizimni isloh qilib, Amerikaga kelgan immigrantlarga qonuniy maqom olishda yordam berish kerak.

“Oq uydagi yangi ma’muriyat bu yo’ldan qaytmasligimizni, kurashdan voz kechmasligimizni bilishi kerak”, - deydi Gustavo Torres.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG