Breaking News

Demokratlar Trampni "korrupsion sxema" tuzishda aybladi


Senatdagi impichment jarayoni, 2020-yil, 22-yanvar
Senatdagi impichment jarayoni, 2020-yil, 22-yanvar

AQSh Senatida Prezident Donald Trampni ishdan olish bo'yicha impichment jarayoni davom etmoqda. Demokratlar uni saylovdagi raqibi, sobiq vitse-prezident Jo Baydenni tekshirish uchun Ukrainaga bosim o’tkazishning “korrupsion sxema”sini ishlab chiqqanlikda ayblamoqda.

100 senator oldida Vakillar palatasi e’lon qilgan ayblovlarni taqdim etgan demokrat qonunchi Adam Shifga ko’ra, Trampni ishdan olish bo’yicha beriladigan qaror AQShning xalqaro hamjamiyatdagi o’rnini ham belgilab beradi.

“Prezident Tramp qayta saylanishda xorijdan yordam olish maqsadida Rossiya bilan urush holatida bo’lgan strategik hamkorimizdan yuzlab million dollar yordamni to’stib qo’ygan. Boshqacha qilib aytganda, aldagan. Shu tariqa prezident faqat o’ziga tegishli bo’lgan, ya’ni boshqa rasmiylar ixtiyorida bo’lmagan davlat vakolatidan demokratik saylovda o’z manfaati yo’lida foydalangan”, - dedi Shif.

Demokratlarning aytishicha, agar Senatdagi respublikachilar sardori Mitch Makkonel guvohlarni chaqirishga to’sqinlik qilmasa, yanada ko’proq dalillarni qo’lga kiritish mumkin.

“Amerikaliklar Prezident Trampning impichment sudida ko’rgan ilk narsa respublikachi senatorlarning muhim dalillarga asoslangan adolatli sud bo’lishiga qarshi ovoz berishi bo’ldi. Tramp ustidan bo’layotgan impichment adolatsizlik buluti ostida o’tmoqda”, - dedi Senatdagi demokratlar sardori Chak Shumer.

Makkonel Senatdagi tinglovda guvohlar qatnashishiga qarshi. Ammo jamoatchilik bosimi uni fikrini o’zgartirishga majburlashi mumkin.

“Agar jarayon soxta sudga o’xshab qolsa, bu jamoatchilik uchun yomon ko’rinishini, noyabrda partiya uchun zarar bo’lishini u biladi. Shu bois har ikki tomon o’z qarashlarini bildirishiga, senatorlar savol so’rashiga imkoniyat beradi. Albatta, u sudning uzoq cho’zilishini istamaydi va oxirida prezident oqlanishi tarafdori”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Darrel Vest.

Demokratlar olg’a surayotgan argumentlar biror respublikachining qarashini o’zgartirishi kutilmayapti.

Tramp advokatlari 25-yanvar kuni prezident himoyasi uchun o’z chiqishlarini boshlaydi. Prezident tarafdorlari allaqachon demokratlarni impichmentdan siyosiy manfaat yo’lida foydalanishga urinayotganlikda ayblamoqda.

“Donald Trampga kelganda ular prezidentlik institutini yakson qilishga ham tayyor”, - dedi respublikachi senator Linzi Grem.

Demokratlar dastlabki uch kun davomida o’z argumentlarini olg’a suradi. Ayni paytda sobiq vitse-prezident Jo Baydenni guvohlikka keltirish evaziga demokratlar xohlagan guvohlar qatnashishiga ruxsat berilishi mumkinligi haqida bahslar mavjud.

“Bu savdo emas. Sudda guvohlar savdo qilinmaydi. Ular bu ishdan Baydenlarni yomonotliq qilish uchun foydalanishmoqchi. Suddan maqsad bu emas. Senatorlar bu maqsadning suiiste’mol qilinishiga yo’l qo’ymasligi kerak”, - dedi Adam Shif.

Agar Makkonel fikrini o’zgartirmasa yoki kelishuvga erishilmasa, tarixda ilk bor Senatda impichment jarayoni guvohlarsiz o’tishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG