Osiyo bo'ylab safarga chiqqan Prezident Donald Trampning ta'kidlashicha, hech bir davlat AQSh qat'iyatini, irodasini shubha ostiga olmasligi kerak.
Yaponiyada amerikalik askarlar bilan ko'rishgan prezident tinchlik va ozodlikni himoya qilish uchun harbiylarni zarur resurslar bilan ta'minlaymiz, deb va'da berdi. Shimoliy Koreyadan tahdidlar, bu o'lka o'tkazayotgan raketa sinovlari safar davomida asosiy mavzu bo'ladi.
"Strategiymiz maksimal darajada bosim o'tkazishdan iborat. Ham iqtisodiy, ham diplomatik. Ittifoqchilarimiz Janubiy Koreya va Yaponiya ham biz bilan bu borada hamfikr. Shimoliy Koreya uchun yadro qurollaridan voz kechishdan boshqa chora yo'q", - deydi Trampga hamrohlik qilayotgan rasmiylardan biri.
Uning aytishicha, Vashington avvalo Xitoydan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga amal qilib, Pxenyan bilan barcha savdo rishtalarini uzishini kutadi. Xitoy Shimoliy Koreyaning asosiy savdo hamkoridir.
Bu Donald Trampning prezident sifatida eng uzoq davom etadigan ilk safari. Ikki hafta davomida u Yaponiyadan tashqari Filippin, Janubiy Koreya, Xitoy va Vyetnamda bo'ladi. Filippinda o'tadigan APEK yig'inida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilmoqda.
Facebook Forum