13-iyun kuni AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga Mayami sudida maxfiy hujjatlarni uyida saqlagani uchun rasmiy ayblov qo’yilishi kutilmoqda.
Tramp milliy mudofaaga doir ma’lumotlarni saqlaganlik, tergov ishiga to’siq qo’yganlik, yolg’on bayonot berganlik, fitnaga qo’l urish kabi jami 37 ta punkt bo’yicha ayblovlarga yuz tutadi.
Respublikachi senator Lindsi Gremning aytishicha, ushbu ayblovlar sobiq prezidentning obro’sini to’kishga qaratilgan.
“Uni josuslikda ayblashgani bilan Donald Trampdan yuz o’girmayman. Aybi isbotlanmaguncha u aybsizdir. Aksariyat respublikachilar qonun hozir siyosiy qurolga aylangan degan fikrda”, - deydi qonunchi.
Biroq demokrat senator Kris Kunsning aytishicha, maxsus prokuror Jek Smit maxfiy hujjatlar bo’yicha olib borayotgan tergovning qurolga aylantirilganiga dalil yo’q.
“Prezident Tramp so’nggi chiqishida Adliya vazirligiga hujum qilib, FBRni byudjetdan ayirishga chaqirgani bilan bu jarayon qonuniy va adolatli bo’lishiga ishonaman. Amerika fuqarolaridan iborat hakamlar hay’ati unga ayblov to’g’ri yoki noto’g’ri qo’yilgani, Tramp federal qonunni buzib, jinoyat sodir etgan-etmaganini aniqlab beradi”, - dedi Kuns.
Tramp o’ziga qarashli ijtimoiy tarmoqda aybsiz ekanini bildirdi. AQSh tarixida birorta prezidentga federal sudda ayblov qo’yilmagan hali.
Tramp ma’muriyatida adliya vaziri bo’lgan Uilyam Barr sobiq prezidentning xulqini keskin qoralab, uni bemulohazali deb atadi.
“Boshqa davlatga hujumning rejalari yoki Mudofaa vazirligining boshqa qog’ozlari Donald Trampning shaxsiy hujjatlari emas. Hukumat bu ishga mas’uliyat bilan yondashgan deb o’ylayman. Unga hujjatlarni qaytarishga yetarlicha imkon berildi”, - deydi Barr.
Barcha yuridik muammolarga qaramay, Tramp prezidentlikka nomzodini qo’ygan respublikachilar orasida hozircha peshqadam. Unga hatto raqiblari dalda bermoqda.
“Shubhali ayblovlarning birortasiga shaxsan ishonmayman. Ayblovlar rost bo’lsa, demak Tramp mulohaza qilishda adashgan bo’ladi. Rost bo’lsin ham deylik. U holda mulohazasizlikni qonunni buzish bilan tenglashtirishni qabul qila olmayman”, - deydi prezidentlikka nomzod tadbirkor Vivek Ramasvami.
Tramp aybdor deb topilgan taqdirda qamoqqa yuz tutishi mumkin, biroq shunday bo’lgan taqdirda ham, deydi mutaxassislar, qonun uning saylovda qatnashishiga to’sqinlik qila olmaydi.
Facebook Forum