Isroil Prezident Trampga ulkan umidlar bog'lagan

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Quddusda vazirlar bilan uchrashar ekan, AQSh bilan hamkorlik naqadar muhim ekanini eslatdi. Amerika yahudiy davlatning eng yaqin hamkori va homiysi.

Netanyahu bilan tele-muloqot qilgan Prezident Donald Tramp "ajoyib suhbat bo'ldi", dedi.

Netanyahu kelasi oy Vashingtonda mehmon bo'lishi kutilmoqda. Tramp Isroil poytaxti Tel-Aviv emas, Quddus bo'lishi kerak, degan. Lekin hozirda bu pozitsiya o'zgargandek. Oq uy bu mavzuda gap yo'q, deya bildirmoqda. Ma'lumki, yahudiy davlat poytaxti qayerda bo'lishi kerakligi azaldan nozik masala. Quddus yahudiy va arablar orasida talash. Shuningdek, nasroniylar ham bu shaharni o'zining muqaddas yeri deb biladi.

Netanyahu Amerikaning yangi rahbari "islomiy terroristlarga" qarshi kurashni oshiradi, degan umidda. Uning fikricha, Obama davridagi strategiya ish bermagan. "Islomiy davlat" oyoqqa turishi, terroristlar oqimi kengayishi, G'arbga va Isroilga qarshi nafratning oshishida, deb keladi Netanyahu, AQShning oldingi prezidenti yuritgan siyosat aybdor.

22-yanvar, Quddus
22-yanvar, Quddus

“Radikal islomiy terrorizm” degan tushuncha Obama tomonidan rad etilib, Oq uy uning davrida bunday ta'rifni asossiz va musulmonlarga qarshi pozitsiya deb atagan.

Isroil rahbari esa jangari islom yahudiy davlatiga nisbatan asosiy tahdid deb keladi. Obama Falastin talabi din bilan emas, erkinlik bilan bog'liq, degan. Netanyahu fikricha esa islom, musulmonlar, jangarilar va Falastin - hammasi bir. Shu bois ham tomonlar kelisha olmagan.

Netanyahu uchun Eron bilan erishilgan yadroviy kelishuv ham Isroilga xavf soladi. Yahudiy davlatni yo'q qilish kerak deb kelayotgan islomiy respublika bilan murosa qilish hamma uchun tahdid, deb keladi Isroil rahbari.

Suriya masalasi ham dolzarb, deydi Netanyahu. Vashingtondagi uchrashuvda bu borada ham fikr almashiladi.

Isroil Quddus sharqida yahudiy aholi uchun 566 yangi uy quradi. Arablar qoralab keladigan bunday qarorlar Obama tomonidan ham noto'g'ri hisoblangan. Netanyahu esa Isroil o'z hududida bunyodkorlik ishlari qilish uchun boshqalardan ruxsat so'ramaydi. Yangi posyolkalar qurilayotgan joylar arablardan tortib olingan yerlar ekanini Isroil rahbariyati rad etadi.

Yahudiy aholi uchun yangi uylar qurilmoqda
Yahudiy aholi uchun yangi uylar qurilmoqda

Prezident Tramp ham shunday pozitsiyani olg'a surishi mumkin. U Isroilga elchilikka tanlagan Deyvid Fridman Iordan daryosining g'arbiy sohillari aslida yahudiy yerlar va u yerlarni rivojlantirish mantiqiy qaror deb keladi.

Falastin ma'muriyati nazarida esa Isroil astalik bilan o'z strategiyasini mustahkamlab, arablar mustaqil davlatga ega bo'la olmasligini ta'minlashga urinmoqda. Ya'ni, deydi Falastin qonunchisi Hanan Ashraviy, arablarni yerdan ayirish, ularni tobora siqib, maydalashtirish, toki ular o'z davlatini barpo etishga qodir bo'lmay qolsin.

Vaziyatni yaqindan kuzatib turgan siyosatdonlar Isroilning bunday agressiv harakatlari, uning suyangan tog'i AQShning bu borada xolisona siyosat yuritmay, yahudiy davlatni quvvatlashi Yaqin Sharq tinchligini yanada tahdid ostiga qo'yib, nafaqat Isroil balki Amerika va butun G'arbga nisbatan nafratni oshiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG