Breaking News

Tramp prezidentlikka saylansa, ishni nimadan boshlaydi?


Donald Tramp Pensilvaniyada, Gettisberg shahri, 22-oktabr, 2016-yil
Donald Tramp Pensilvaniyada, Gettisberg shahri, 22-oktabr, 2016-yil

AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp 8-noyabr saylovlarida g'alaba qilsa, Oq uydagi birinchi 100 kunda nima qilishi haqida ma'lumot berdi.

Tramp prezidentlikni immigratsiya tizimini isloh qilishdan, o'rta sinf uchun soliqlarni 35 foizga tushirishdan boshlashini aytdi.

Nomzod, shuningdek, uni jinsiy xurujlarda ayblagan 10 dan ortiq ayolni sudga berishini ham bildirdi.

"Bu ayollarning har biri yolg'on so'zlagan. Ular aytgan hech bir ish bo'lmagan. Hammasini saylovdan keyin sudga beraman", - dedi Tramp.

Tadbirkor 22-oktabr kuni Pensilvaniya shtatining Gettisberg shahrida 100 kunlik rejalarini bayon qildi. Gettisberg Amerika Fuqarolar urushi paytida eng muhim jang maydoni bo'lgan. Tramp 153 yil oldin Avraam Linkoln ma'ruza qilgan joyda nutq so'zlab, rejasiga ramziy ma'no bag'ishladi.

Immigratsiya islohoti haqida gapirarkan, nomzod mamlakatga noqonuniy kirgan har bir odam ikki yilga qamalishini, agar bungacha sudlangan yoki ikki marta deportatsiya qilingan bo'lsa, besh yilga qamalishini ma'lum qildi.

Tramp, shuningdek, Kongress a'zolarining xizmat muddatini cheklashni, federal tekshiruvlarni kamaytirishni, Oq uy va Kongressdan ketgan sobiq rasmiylar va sobiq qonunchilarga besh yil davomida lobbichilik bilan shug'ullanishni man etishni taklif etmoqda.

"Vashingtondagi botqoqning suvini quritib, xalq tomonidan saylanadigan va xalqqa xizmat qiladigan hukumatni qo'yamiz", - dedi Tramp.

Unga ko'ra, saylov tizimi buzuq - 2,5 million odam bittadan oshiq saylov uchastkasida ro'yxatga olingan, ovoz berish huquqiga ega bo'lmagan ko'plab muhojirlar ham saylovchilar ro'yxatida, Demokratik partiya faollari bundan oldingi saylovlarda odamlarga pul to'lab ayrim joylarda ularni bir necha bor ovoz berishga undagan.

"Agar saylovda mag'lub bo'lsam va ovozlar soxtalashtirilgani haqida bizda ma'lumot bo'lsa, saylov natijasini tan olmayman", - dedi Tramp.

Tadbirkor markaziy matbuotni Demokratik partiyadan raqibi Xillari Klintonga yon bosayotganlikda aybladi.

Klinton va uning sherigi, vitse-prezidentlikka nomzod Tim Keyn shanba kuni Pitsburg va Filadelfiya shaharlarida saylovchilar bilan uchrashdi.

So'nggi kunlarda o'tkazilgan ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Tramp Klintondan ortda qolmoqda, biroq Trampning Gettisbergdagi chiqishida aytishicha, uchta sotsiologik so'rovda u peshqadam.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG