Breaking News

Tramp tashqi siyosati olti oyda


AQShda o’tgan yil noyabr oyida prezidentlikka saylangan Donald Trampning Oq uyda ish boshlaganiga olti oy bo’ldi. Shu payt ichida u, asosan, o’zidan oldingi rahbarning ichki va tashqi siyosatga doir qarorlari va ishlarini bekor qilish bilan shug’ullandi.

Tashqi siyosatda, masalan, AQShni iqlim o’zgarishiga qarshi Parij bitimidan, Trans Tinch okeani savdo shartnomasidan chiqarib, Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashga va’da berdi. Biroq sobiq Prezident Barak Obama paytida Eron yadro dasturiga doir imzolangan xalqaro kelishuvga hozircha amal qilinmoqda.

Yaqinda Tramp Polshaga borganida poytaxt Varshavada nutq so’zlarkan, Barak Obamaning ko’p tomonlama diplomatiya siyosatiga qarama-qarshi gaplar gapirdi. Unga ko’ra, G’arb qadriyatlari ularga qo’shilmaydigan terrorchilar tomonidan tahdid ostida.

“Madaniyatimizni yo’q qilmoqchi bo’lgan odamlarga qarshi turish uchun yetarlicha matonatga egamizmi”, - dedi u.

Saylov kampaniyasi paytida Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni tanqid qilgan Tramp prezident bo’lgach, undan chiqishga harakat qilmadi.

NATOni eskirgan tashkilot deb atagan Tramp saylov paytida aytgan bu gaplaridan qaytdi.

“Uni eskirgan degandim, hozir bunday emas”, - dedi u.

Tramp Obamaning uchta yirik tashabbusini yo’qqa chiqardi: immigratsiyaga qarshi turdi, AQShni iqlim o’zgarishi va savdoga doir xalqaro bitimlardan chiqardi.

“Parij bitimi AQShga zarardir”, - dedi u.

Biroq Katta Yigirmalik sammitida uning bitimdan chiqish qarori ayrim mamlakatlar tanqidiga uchragach, Tramp qarorini o’zgartirishi mumkinligini aytdi.

“Parij bitimini hali yana ko’rib chiqamiz”, - dedi u.

Tashqi siyosat bo’yicha ekspertlarning aytishicha, Trampning qarama-qarshi gaplari xalqaro sahnada chalkashlikka olib kelmoqda.

“Amerika qadriyatlari, Tramp ma’muriyatining siyosati xususida shubhalar paydo bo’lgan. Agar Tramp tashqi siyosatini millatchi va populist shiorlarga qarab belgilasa, prezidentligining oxiriga borib AQShga bo’lgan ishonchga jiddiy putur yetadi, xalqaro tartibni barqarorlikda ushlab turgan munosabatlar, institutlar zarar ko’radi”, - deydi Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchan.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Tramp harakatlari va siyosatini cheklovchi omillar bor ekan, vaziyat u qadar yomon bo’lmasligi mumkin. Masalan, Eron masalasida uning maslahatchilari fikrini o’tkazgan, musulmon davlatlardan sayyohlarni cheklash masalasida esa sudlar o’z so’zini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG