Prezident Donald Tramp tashqi siyosatda eng katta muammo bilan yuzlashmoqda. U Shimoliy Koreya bilan murosa qiladimi yoki mojaroga sabab bo’ladimi? Trampning reytingi so’nggi paytda yanada tushgan. Ba’zilar uni rahbarlikka layoqatli deb bilmay qo’ygan.

“Shimoliy Koreya hujum qilsa, alanga, qahr va qudratimizni ko’radi”, - dedi u.

Tramp bunday demaslik kerak edi, deydi sobiq elchi Bill Richardson.

“Ammo endi prezidentda xalqni birlashtirishga, unga o’z siyosatini tushuntirib berishga, hovuridan tushishga imkon bor”, - dedi sobiq gubernator.

Amerikaliklar Trampning qattiq bayonotlariga saylov kampaniyasidan beri ko’nikib qolgan. Biroq prezident sifatida u o’zini boshqacha tutishi kerak, deydi tahlilchi Larri Sabato.

“U hissiyotga qattiq beriluvchan. Chet elda bu ish berishi mumkin, masalan, raqiblaringiz va dushmanlaringiz sizni bosiq, og’ir deb o’ylamagani balki yaxshi hamdir. Biroq yadro qurollari bilan ish qilganda barchaning manfaati uchun, Amerika manfaati uchun og’irroq bo’lish kerak”, - deydi Virjiniya universiteti siyosatshunosi.

Tramp himoyachilariga ko’ra, uning tarafdorlari aynan shunday bayonotlarni eshitishni xohlaydi.

“Bu Obamaning Oq uyi emas. Bu Trampning Oq uyi. Dushmanlarimizga oldindan nima qilishimizni aytib qo’ymaymiz”, - deydi Trampning maslahatchisi Sebastyan Gorka.

So’nggi paytlarda Trampning hatto respublikachi partiyadoshlari orasida ham reytingi tushib ketdi.

“Unga ovoz bergan odamlarning aksariyati uni eng boshida qo’llab-quvvatlab keldi, ishini yoqladi. Ammo hozir aksariyat so’rovlarga qaraydigan bo’lsak, uni 17-24 foiz aholi qo’llab-quvvatlamoqda”, - deydi Virjiniya universitetidan Larri Sabato.

Tramp ayrim tashabbuslarini Kongressdan o’tkaza olmayapti. Tarafdorlaridan kuch olish uchun u namoyishlarda qatnashmoqda. Buning ajablanarli tomoni yo’q, deydi tahlilchi Jeremi Meyer.

“Agar faoliyatiga qaraydigan bo’lsak, Tramp ishini eplay olmayapti. Ammo u oddiy prezident emas. Uning odatdan tashqari harakatlari tarafdorlariga manzur bo’lyapti”, - deydi siyosatshunos.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning aksariyati Shimoliy Koreyani AQSh xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida ko’rmoqda va shularning uchdan birigina Tramp bu muammoni bartaraf eta olishiga ishonadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG