Oq uyning Amerika matbuoti bilan tortishuvi davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp ilk xorijiy safaridan qaytganidan so’ng Oq uyning Amerika matbuoti bilan tortishuvi davom etdi. Prezidentning matbuot kotibi Shon Spayser safardan keyingi ilk matbuot brifingini tez tugatishga majbur bo’ldi.

Muxbirlar Spayserni Trampning kuyovi Jared Kushnerning Rossiya elchisi bilan aloqalari bo’yicha savolga tutdi. Xabarlarga ko’ra, Kushner Tramp Oq uyga kelmasidan oldin Rossiya bilan maxfiy aloqa kanalini o’rnatish xususida gaplashgan.

Matbuot kotibi bu xabarlarni rad ham etmadi, tasdiqlamadi ham - unga ko’ra, bunday xabarlar izohga loyiq emas.

“Keltirilayotgan ma’lumotlarga birorta asos ko’rmayapman. Barchasi anonim manbalarga asoslangan”, - dedi Spayser.

Tramp Bryusselga tashrifi chog’ida NATOga a’zo mamlakatlar rahbarlari bilan uchrashib, ularni mudofaa uchun yetarlicha mablag’ ajratmayotganlikda koyidi. Ba’zi rahbarlar, jumladan, Germaniya kansleri Angela Merkel Trampning bu izohlaridan tashvishga tushib, Yevropa mamlakatlari o’z kuchiga tayanadigan vaqt keldi, dedi.

Jurnalistlarning Germaniya AQShga ittifoqchi sifatida ortiq ishonmay qo’ydi, degan izohiga Oq uy matbuot kotibi shunday javob berdi:

“Hammasi joyida, axir prezident ulardan xarajatlarni baham ko’rishni oldindan so’rab kelgan”, - dedi Spayser.

Ba’zi xabarlarga ko’ra, Oq uyda ayrim kadr o’zgarishlari kutilmoqda, brifinglar kamayishi mumkin. Spayserga ko’ra, Tramp jurnalistlarning yolg’on xabarlarni tarqatishga, anonim manbalardan foydalanishga berilib ketganidan norozi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG