Tramp tergov ostida ekanini advokatlari inkor etmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaning AQSh prezidentlik saylovlariga aralashuvi yuzasidan tergov davom etmoqda. So’nggi xabarlarga ko’ra, Prezident Donald Tramp ham shaxsan tergov ostida. U adolatni to’sishga uringani da’vo qilinmoqda. Davlat rahbarining advokatlari bu xabarlarni inkor etyapti.

Oy boshida Federal qidiruv byurosi sobiq rahbari Jeyms Komi Kongressda so’zladi. Men byuroni boshqarib yurgan paytda prezident tergov ostida emas edi, dedi u qonunchilarga.

Shu kunga qadar Tramp Rossiya olib borgan kiber-josuslik ishiga aloqador ekani isbotini topgani yo’q. Lekin Bosh tergovchi Robert Myuller prezident tomonidan ishni yopdi-yopdi qilishga harakat bo’lganini ham tekshirayotgani aytiladi. Jeyms Komiga ko’ra, prezident uni Oq uyga chaqirtirib, guvohlarsiz, yuzma-yuz suhbat qilgan.

“U qo’ygan talabni bajarmadim. Aynan Rossiya tergovi sabab Tramp meni ishdan oldi”, - deydi Komi.

Trampning advokatlari ishontirib aytadiki, prezident hech qanday tergov ostida emas.

“Rossiya bo’yicha tergov doirasida prezident tekshirilayotgani yo’q”, - deydi advokat Mark Kasovitz.

Ammo “Twitter” tarmog’ida Trampning o’zi “FBR rahbarini ishdan olganim uchun meni tekshirishyapti” deb tan oldi va tergovni qoraladi.

Demokrat kongressmen Adam Shiff so’zlariga ko’ra, prezidentning asl maqsadi bosh tergovchi Robert Myullerni ishdan bo’shatish. Uni obro’sizlantirish uchun harakat boshlangan. Myuller tergovni oxiriga yetkazishi kerak, lekin Oq uy buni istamayapti, deydi qonunchi.

Trampning tarafdorlarga ko’ra, prezident tutaqayotgani asosli.

“Tramp saylov kampaniyasi paytida Rossiya bilan til biriktirgani safsata. FBR sobiq rahbari sizni teshirayotganimiz yo’q, deb uch marta aytgan. Kongressda uni ayblayotganlar qo’lida ham hech qanday dalil yo’q. Prokurorni tayinlashga hojat yo’q edi”, - deydi sobiq qonunchi Nyut Gingrich.

FBR sobiq direktori, prokuror Robert Myuller tergovga bosh-qosh. U o’z ishini yakunlamaguncha omma oldida so’zlamaydi. Tekshiruvlar qachon yakunlanishi noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG