Breaking News

Tramp Turkiya bilan sulh shartnomasi muqim bo'lishiga umid qilmoqda


AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, Qo’shma Shtatlar vositachiligida Suriyada sulhga erishildi. Anqara Suriyadagi harbiy amaliyoti nihoyasiga yetgani haqida e’lon qilishi ketidan Tramp Turkiyaga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinishini aytdi.

AQSh qonunchilari Trampning harbiylarni Suriyadan chiqarish qarorini tanqid qilmoqda. G’arb matbuotiga ko’ra, Suriyadagi geosiyosiy musobaqada Rossiya g’olib chiqdi.

Rossiya va Turkiya Suriya chegarasini birgalikda nazorat qilishga kelishib olganidan so’ng bu mamlakatga qo’shimcha rossiyalik harbiy politsiyachilar yo’llanmoqda.

“Turkiya bilan kelishilgan sulh doimiy bo’ladi degan fikrdaman. Moliya vaziriga Turkiyaning Suriyada kurdlarga qarshi hujumi munosabati bilan 14-oktabrda Anqaraga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishni buyurdim”, - dedi Tramp.

Uning aytishicha, AQSh qo’shinlarining bir qismi Suriyani tark etgan, yana bir qismi esa neft konlarini qo’riqlash uchun qoldirildi. AQShning Suriya bo’yicha maxsus vakili Jeyms Jeffrining aytishicha, ayni damda Suriya bo’yicha yangi siyosat ishlab chiqilmoqda.

“Agar qo’shinlarning hammasini chiqarsak, “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurash vositalaridan ayrilamiz”, - dedi diplomat.

Trampning bu qarori har ikki yirik partiya qonunchilari tashvishiga sabab bo’ldi.

“Bu qaror xavfsizligimizga zarba bo’ldi. Prezident Trampdan “Islomiy davlat”, Eron, Rossiya kabi Amerika dushmanlariga hadya bo’ldi. Obama ma’muriyati paytida Daishga qarshi kurash uchun tuzilgan koalitsiya katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Hududlarni jangarilardan tozaladik, minglab jihodchilarni qamoqqa tashladik”, - dedi Vakillar palatasining Tashqi siyosat qo’mitasi raisi, demokrat kongressmen Eliot Enjel.

Qonunchilar Suriyada askarlarning bir qismi qolishiga umid qilmoqda.

“Ularni to’liq chiqarsak, Daish qayta oyoqqa turib, yangidan kuchga to’ladi”, - deydi qo’mita a’zosi, texaslik respublikachi qonunchi Maykl Makkol.

Jangarilarga qarshi kurashda AQShga yordam bergan kurdlarning hozirgi ahvoli ham qonunchilarda xavotir uyg’otmoqda.

“Xalqaro hamjamiyat AQSh ko’p azob chekkan ittifoqchilaridan yuz o’giradi deb o’ylaydimi bundan keyin?” - dedi Makkol.

Agar Turkiya sulhga amal qilmasa, Tramp sanksiyalar tiklanishi haqida so’zlagan. Kongress ham o’z vakolatlaridan foydalanib, Turkiyaga harbiy yordamni to’xtatishi yoki kurdlarni viza masalasida qo’llashi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG