Breaking News

Oliy sud Tramp farmonidagi ayrim cheklovlarni qo'llab-quvvatladi


AQSh Oliy sudi
AQSh Oliy sudi

AQSh Oliy sudi Prezident Donald Trampning olti mamlakat fuqarolarini Amerikaga vaqtincha kiritmaslik haqidagi farmonini qisman qo’llab-quvvatladi. Farmon oktabrgacha amal qiladi, sud kuzda shu masala bo’yicha yakuniy qarorini e’lon qiladi.

Davlat rahbari mart oyida imzolagan farmonga ko’ra, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Suriya va Yaman fuqarolari AQShga 90 kungacha kiritilmaydi. Bundan tashqari, qochqinlarni qabul qilish dasturi 120 kunga to’xtatiladi.

Prezident Tramp Oliy sud qarorini o’zining kichik g’alabasi sifatida ko’rmoqda. Unga ko’ra, chora amerikaliklar xavfsizligi uchun muhimdir.

"Qator sudlar bu farmonni adolatsiz deb topganidan so’ng ham Oliy sud uni hatto ko’rib chiqishga rozi bo’lgani odamni hayratga soladi”, - deydi muhojirlar huquqlari uchun kurashuvchi tashkilot xodimi Stiven Choy.

Oliy sud qaroriga ko’ra, farmonda tilga olingan olti mamlakat fuqarolari AQShdagi odamlar va tashkilotlar bilan tayin aloqasi bo’lsagina mamlakatga kiritilishi mumkin.

"Qarorning bu qismi mujmal. Aloqaning tayinligini kim hal qiladi? Musulmonlarning Amerikaga kelishini xohlamayotgan hukumatmi?” - deydi qochqinlarga yordam beruvchi tashkilot vakilasi Lara Finkbeyner.

Biroq barcha faollar ham Oliy sud qaroridan norozi emas.

"Amerika bilan aloqasi yo’q odamlar sayyohlardir. Cheklov, asosan, ularni nazarda tutadi. Talaba vizasi borlarning esa universitet bilan aloqasi bor, ishchi vizasi olganlarning ish beruvchi kompaniya bilan, aksariyat qochqinlarning ularni taklif etayotgan mamlakat bilan aloqasi bor, chunki ba’zilarining Amerikada yashovchi qarindoshlari bor, iroqlik qochqinlarning bir qismi esa AQShning Iroqdagi harbiylari bilan hamkorlik qilgan”, - deydi qochqinlar bilan ishlovchi Betsi Fisher.

Uning aytishicha, sud qarori payshanba kuni kuchga kiradi va ko’p odamlarda qaror qanday tatbiq etilishi haqida ma’lumot yo’q.

"Tashkilotimiz “Huquqlaringizni biling” deb nomlangan broshyuralar chiqaradi. Ko’ngillilarimiz aeroportlarda turib, qaror to’g’ri ijro etilayotganini nazorat qiladi, chegaradan nohaq o’tkazilmagan odamlar bilan shug’ullanadi”, - deydi Fisher.

Unga ko’ra, Oliy sud oktabr oyida prezident farmoniga to’liq konstitutsion baho beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG