Breaking News

AQSh harbiylari ustidan tergovda qatnashgan sud xodimlarini jazolaydi


Xalqaro jinoiy sud, Gaaga
Xalqaro jinoiy sud, Gaaga

Prezident Donald Tramp AQShning Afg’onistondagi harbiylari ustidan tergov boshlagan Xalqaro jinoiy sud xodimlarini sanksiyalar bilan jazolashga ruxsat beruvchi farmon imzoladi.

Xalqaro hayot – 12-iyun, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:59 0:00

AQSh qurolli kuchlarining Afg’onistondagi 18 yillik amaliyotlari natijasida urush jinoyatlari qurbonlaridan amerikalik askarlar ustidan 700 ga yaqin shikoyat tushgan. Xalqaro jinoiy sud prokurori tarixda ilk bor amerikalik harbiylarni tergov qilishga ruxsat oldi.

Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Gaagadagi sud siyosiylashgan bo’lib, AQSh suverenitetiga tahdiddir.

“Soxta sud fuqarolarimizga tahdid solsayu, biz jim qarab turmaymiz. Dunyo bo’ylab yaqin ittifoqchilarimizga gapim shuki, sizning fuqarolaringizni ham shunday taqdir kutmoqda”, - dedi Pompeo.

AQSh tergovda qatnashgan sud xodimlariga iqtisodiy va viza sanksiyalari qo’yishini ma’lum qildi. Inson huquqlari guruhlari Amerikaning bu qadamini qoraladi.

“Prezident farmonining xavotirli tomoni shundaki, Tramp ma’muriyati AQShga va umuman dunyodagi barcha odamlarga qarshi o’ta xavfli bo’lgan tahdid yuz berganda qo’llanadigan choralarni ishga solmoqda”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Daniel Balson.

Xalqaro sud aynan nimani tergov qilmoqchi?

“Sud tergovchilari urush jinoyatlari, Afg’oniston hududida barcha taraflar tomonidan sodir etilgan jiddiy urush jinoyatlari bilan shug’ullanmoqchi. Tabiiyki, Qo’shma Shtatlar urushda ishtirok etgan taraflardan biri. Tolibon, Afg’oniston hukumati, ittifoqchi davlatlar ham. Tramp ma’muriyati bu taraflardan faqat bittasini jazoga daxlsiz qilmoqchi”, - deydi Balson.

AQSh Xalqaro jinoiy sudni tashkil etgan Rim nizomiga qo’shilmagan va sud vakolatini hech qachon tan olmagan, deydi AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper.

“Shuning uchun ham mamlakatimiz va bu ma’muriyat vataniga xizmat qilgan fuqarolarining noqonuniy tergovga jalb qilinishiga yo’l qo’ymaydi. Buning o’rniga sud fuqarolarimiz sodir etgani da’vo qilinayotgan jinoyatlar bo’yicha barcha ma’lumotlarni bizga uzatsin va biz tegishli chora ko’ramiz. Biz hamisha shunday qilib kelganmiz”, - dedi Esper.

AQShdagi ko’plab qonunchilar Xalqaro jinoiy sudning Isroilga qarshi da’volariga e’tiroz bildirib kelgan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Tramp ma’muriyatining sudga qarshi sanksiya qo’llash haqidagi bayonotini olqishladi.

Bu o'rtada 12-iyun kuni Afg’oniston poytaxti Kobulda juma namozi paytida masjidda bomba portlab, kamida to’rt odam o’lgan.

So’nggi paytlarda Afg’onistonda “Islomiy davlat” jangari to’dasi faollashib, xurujlar ko’paygan. Oy boshida ham poytaxtdagi bir masjidda xudkush bombachi o’zini portlatib, imomni o’ldirgan, 8 odam jarohat olgan.

O’tgan oy esa Kobuldagi tug’ruqxonaga bostirib kirgan jangarilar 24 odam, jumladan ikki chaqaloq va bir necha ayolni o’ldirgan edi. Ba’zilar o’sha xurujda AQSh bilan tinchlik bitimini imzolagan Tolibonni ayblagan bo’lsa, Qo’shma Shtatlar aybni “Islomiy davlat”ga qo’ygan.

Vashingtonning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod toliblar bilan imzolangan shartnomani jonlantirish harakatida hafta boshida mintaqaga tashrif buyurdi. AQSh Tolibon kuchlarini “Islomiy davlat”ga qarshi qaratmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG