Breaking News

Tunis yangi konstitutsiyani qabul qilish arafasida


Tunis Parlamenti konstitutsiya loyihasini ko'rib chiqmoqda, 3-yanvar, 2014-yil.
Tunis Parlamenti konstitutsiya loyihasini ko'rib chiqmoqda, 3-yanvar, 2014-yil.
Tunisning yangi konstitutsiyasi 14-yanvargacha qabul qilinishi kutilmoqda. Xuddi shu kuni mamlakatda yuz bergan inqilobning uch yilligi ham nishonlanadi. Ammo kechikkan bosh qomusning yana ortga surilishi xavfi yo’q emas.
Tunis konstitutsiyasi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00
Yuklab oling
Tunis parlamenti muhokamadagi konstitutsiya loyihasining bir necha moddasini ma’qulladi. Yana 145 modda ko’rib chiqilishi kerak. Dunyoviy muxolifatning ayrim vakillariga nisbatan o’lim tahdidlari yangragach, oxirgi paytda qonunchilar faoliyati sekinlab qolgan edi.

“Xalqaro Amnistiya” tashkilotining Tunis bo’yicha rahbari Lutfi Azizning aytishicha, bir necha oylik tanaffusdan so’ng nihoyat ovoz berish yana boshlandi.

Eng muhimi shuki, tunisliklar huquq va erkinliklarni kafolatlovchi konstitutsiyaga ega bo’ladi, deydi u. Qomusda islom davlat dini sifatida tilga olingan bo’lsa-da, vijdon erkinligining ta’minlanishi ko’zda tutilgan.

Dushanba kuni qonunchilar ayol va erkak tengligi masalasini ham matnga kiritish bo’yicha kelishuvga erishdi. Tunis azaldan arab dunyosida ayollar huquqi eng ko’p e’zozlangan mamlakat sifatida ko’riladi.

Huquq faollari va xalqaro tashkilotlarga ko’ra, konstitutsiya xalqaro qonun va me’yorlarga to’la javob berishi uchun ustida ishlanishi lozim bo’lgan bandlar hali ko’p.

Ammo siyosatchilar hamda fuqarolik jamiyati vakillarining o’zaro murosa qilayotgani tahsinga loyiq, deydi “Xalqaro Amnistiya” vakili Lutfi Aziz.

Tunisda konstitutsiya bir yil avval qabul qilinishi lozim edi. Ammo hukumatdagi “Innahda” partiyasi hamda dunyoviy muxolifat islomning siyosatda tutgan o’rni bo’yicha kelisha olmadi. Ikki muxolifat yetakchisining o’ldirib ketilishi ixtilofni yanada kuchaytirdi.

2011-yil Tunisda boshlangan inqilob butun arab dunyosiga tarqaldi. Kuzatuvchilar bu davatning mintaqa uchun demokratiya namunasi bo’lishiga umid bildirmoqda.

Ammo kelajakdan tashvishda bo’lganlar ham ko’p. Sobiq prezident Zaynul Obidin davrida diplomat bo’lib ishlagan, hozirda huquqshunoslik bo’yicha professor Hotim Bin Salim shundaylardan biri.

“Tunisda hozir “kutaylikchi, nima bo’larkin” degan kayfiyat hukmron. Men eng qo’rqqan narsa - terrorizm masalasi. Bugun Tunisda terrorchi guruhlar va mamlakat bo’ylab turli joylarda ko’plab yashirin qurollar borligini hamma biladi. Ilgari Tunisda hech bunday bo’lgan emas”, - deydi u.

Bin Salim konstitutsiyaning 14-yanvargacha qabul qilinishiga shubha bilan qaraydi. Ammo bu fojea emas, deydi u. Chunki loyihani tayyorlash uchun bir necha oy kerak bo’ldi. Endi uni qabul qilishni shoshirish katta xato bo’ladi, deydi sobiq diplomat.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG