Breaking News

Tunis siyosiy beqarorlikka yuz tutmoqda


Tunisda hukumatga qarshi namoyishchilar "Nahda, yo'qol!" deb yozilgan plakat ko'tarib chiqdi, 6-avgust, 2013-yil.
Tunisda hukumatga qarshi namoyishchilar "Nahda, yo'qol!" deb yozilgan plakat ko'tarib chiqdi, 6-avgust, 2013-yil.
Tunisda hukumatga qarshi noroziliklar kuchayib borar ekan, mamlakat siyosiy ziddiyatlar domiga tobora chuqurroq kirib bormoqda. Tahlilchilar fikricha, beqarorlik ortidan ekstremist guruhlar faoliyati ham kuchayishi mumkin.
Tunisda siyosiy beqarorlik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:23 0:00
Yuklab oling
Tunisda ishsizlik har doimgidan baland, narxlar tez ko’tarilib bormoqda. Lekin poytaxtliklar orasida hukmron “Innahda” partiyasi tarafdorlari ko’p. Ular muxolifat da’volariga ishonmaydi.

Telefonlar do’koni sohibi Abdulaziz Jibaliy muxolifatni quruq gapdan nariga o’tmaslikda ayblaydi.

“Muxolif guruhlar uzoq yillardan beri demokratiya va ozodlik nomi bilan gapirib keladi. Endi esa ular shuncha vaqtdan beri da’vo qilib kelgan prinsip va qadriyatlariga qarshi chiqmoqda. Islomiy guruh g’olib chiqqani uchun bu partiyalar endi qonuniy hukumatni ag’darishga ham tayyor”, - deydi u.

Konstitutsiya loyihasini yaratish uchun mas’ul Milliy Konstitutsiya assambleyasi bu hafta o’z ishini noma’lum muddatga to’xtatganini ma’lum qildi. Ushbu qaror “Innahda” partiyasi yetakchiligidagi hukumatga qarshi o’n minglab namoyishchilarning ko’chalarga chiqishidan bir kun o’tib e’lon qilindi.

“Tunis xalqi “Innahda”ning noqonuniy faoliyati, hukumatdagi poraxo’rlik, qotilliklar va boshqa illatlarga qarshi bosh ko’tardi”, - deydi namoyishchilardan biri.

O’tgan oy otib ketilgan muxolifat yetakchilaridan biri Muhammad Braxmiyning o’limida ko’pchilik amaldagi hukumatni aybladi. “Innahda” partiyasi jinoyatga aloqasi yo’qligini aytadi. Qotillikda gumon qilinib bir diniy ekstremist hibsga olingan.

So’nggi haftalarda Aljir chegarasi yaqinida radikal diniy guruhlar faollashdi. Bu hukumatga qarshi kayfiyatning o’sishiga hissa qo’shyapti. Muxolifat nazarida, “Innahda” partiyasi ekstremistlarni jilovlashda sustkashlikka yo’l qo’ymoqda.

Ammo sobiq rejimga qarshi ham xuddi shunday ayblovlar ilgari surilgan edi, deydi Londondagi Chatam tadqiqotlar instituti tahlilchisi Maha Azzam.

“Bu islomiy guruhlarga qarshi qo’llanadigan eski gap. Harbiy va avtoritar tuzumlar davrida ham aytilardi. Ular o’zlarini ekstremizmga qarshi tura oladigan yagona kuch sifatida ko’rsatadi”, - deydi Azzam.

Tahlilchining aytishicha, Misrda “Musulmon Birodarlar” partiyasining hokimiyatdan ag’darilishi Tunisdagi muxolifatning umidlarini kuchaytirdi.

“Ular jamiyatda yanada kengroq bo’linishlarga yo’l qo’ymoqda. Demokratik jarayonda e’tibor berilmagan kichik muammolarni endi ochiq ovoza qilishmoqda”, - deydi tadqiqotchi Azzam.

Tunisdagi Manuba universiteti professori Alaya Allaniyning aytishicha, mamlakatda terrorizm xavfi oshib bormoqda.

“Aljir hukumati Tunis bilan chegaraga 16 ming askar joylashtiryapti. Bu jihodchilarning nafaqat Tunisga, balki butun Shimoliy Afrika mintaqasiga tahdid solayotganidan dalolat”, - deydi professor Allaniy.

Ichki ziddiyatlarga qaramay, Tunis shu hafta qo’shni Aljir bilan tog’li chegara hududlarida xavfsizlik bo’yicha o’zaro hamkorlikni kuchaytirish haqida bitim imzoladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG