Breaking News

Turk askarlarining Kobul aeroportida qolishiga oddiy afg‘onistonliklar nima deydi?


Hamid Karzay aeroporti. Uning xavfsizligini Turkiyaga topshirish xususida muzokara ketmoqda.

Turkiyada yashab, ishlayotgan va o'qiyotgan afg'onistonliklar bu mamlakat harbiylarining Afg'onistondagi faoliyati xususida fikr bildirdi.

Umid Yurtdosh Afg‘onistonning Faryob viloyatidan. Ayni paytda Turkiyaning Istanbul shahrida yashaydi.

“Amerika bergan va’dalarining yuzdan birini ham bajara olmay chiqib ketyapti. Mana, Afg’onistondan qo’shinlarini chiqarishni boshlaganiga ikki oy bo‘ldi. Shu vaqt ichida toliblar kamida 50-60 ta qishloqni bosib oldi. Afg‘onistonni noqulay ahvolda tashlab ketishyapti. To‘g‘ri, amerikaliklar dastlab kelganida besh-olti yil yaxshi bo‘lgan - binolar, yo‘llar, kasalxonalar qurishgan, lekin hozir o‘zbeklar, turkmanlar yashaydigan shimoliy hududlarni “Tolibon” egallab olyapti, hukumat armiyasi ham yordam bermayapti. Toliblar millatchi – “o‘zbeklar O‘zbekistonga, turkmanlar Turkmanistonga kestin” degan gaplarni gapiradi. Ular eng boshida kelganida ko‘p ziyolilarimz, siyosatchilarimiz, ustozlarimizni o‘ldirib yuborgan, xalqqa azob bergan”, - deydi u.

Afg‘onistonni NATO va AQSh kuchlari tark etishi barobarida “Tolibon” xurujlarining ortayotgani kuzatilyapti va xalqaro davralarda Afg‘onistondagi xavfsizlik masalasi tez-tez tilga olinyapti.

26-iyun kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani va Milliy yarash oliy kengashi raisi Abdulla Abdullani qabul qildi.

“Afg‘onlar o‘z kelajagini, nima istashini o‘zi belgilab olishi darkor. Zo‘ravonlik to‘xtashi kerak”, – dedi AQSh rahbari.

Uning ta’kidlashicha, AQSh Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, yordam to‘xtamaydi.

Ayni paytda AQSh Kobul xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlash masalasida Turkiya bilan muzokara olib bormoqda. Yakuniga yetgan haftada Amerika hukumati delegatsiyasi Anqarada bo‘lib qaytdi. 25-iyun kuni Turkiya Mudofaa vazirligi qisqa bayonot tarqatib, Kobul aeroporti borasida Vashington bilan muzokaralarni davom ettirishga kelishilganini ma’lum qildi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Tanju Bilgich o‘sha kungi matbuot anjumani chog‘ida Kobul aeroporti masalasida Anqara nimalarni xohlayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

“AQShning Afg‘onistondan chiqish jarayoni davom etmoqda. Ayni paytda Afg‘oniston armiyasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, NATOning noharbiy vakolatxonasini kuchaytirish va Kobuldagi Hamid Karzay xalqaro aeroporti xavfsizligini ta’minlash juda muhim. Agar aeroport xavfsiz bo‘lmasa, diplomatik vakolatxonalar Afg‘onistonni tark etadi. NATO missiyasi doirasida Turkiya 2015-yildan beri Kobul aeroporti xavfsizligini ta’minlab kelmoqda, ammo og‘irlikni adolatli taqsimlash, moliyaviy, texnologik va logistik yordam zarur. Ayni paytda AQSh delegatsiyasi Milliy Mudofaa vazirligi bilan aloqada. Afg‘oniston hukumati bilan aloqalarimiz davom etmoqda. Agar Turkiya ish boshlasa, Afg‘oniston bilan huquqiy kelishuvlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi”, – dedi turk rasmiysi.

Hozir Afg‘onistonda taxminan 500 turk askari bor. Ular Kobul aeroportida joylashgan, bir qismi mahalliy xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish bilan shug‘ullanadi.

Valyuta ayirboshlash shoxobchasida ishlovchi Umid Yurtdosh turklarning Kobul aeroportida qolishi oddiy afg‘onistonlikar uchun ko‘p ham foyda keltirmaydi degan fikrda.

“Turkiyaning do‘st va qardosh davlat sifatida Afg‘onistonga ko‘p yordami tekkan, buni bilamiz. Lekin Turkiya faqat aeroport xavfsizligini ta’minlaymiz deyapti, xolos. Menimcha, bu agar toliblar Kobulni egallab olsa, NATO vakillarini, chet davlatlar diplomatlarini aeroport orqali xavfsiz bir shaklda chiqarib yuborish uchun kerak. Ya’ni tashqi kuchlar, katta davlatlar o‘z manfaatlari uchun Turkiyaning Kobul aeroportida qolishini istayapti”, - deydi u.

Turkiya fuqaroligini olgan 25 yoshli yigitning aytishicha, Anqara Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarga aralashmagani ma’qul.

“Chunki Afg‘onistonda biror turk askari halok bo‘lguday bo‘lsa, bu Turkiyadagi afg‘on muhojirlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, turklar darrov ularni ayblay boshlaydi, sizlar bu yerda maza qilib yuribsizlar, bizning askarlarimiz esa sizlar uchun o‘lyapti deb gapirishni boshlashadi. Iroq va Suriyada turk askarlari halok bo‘lganida, shunaqa gap-so‘zlar bo‘lgan”, - deya tushuntiradi u.

Umid Yurtdosh Afg‘oniston jamiyatidagi eng katta muammolardan biri sifatida millatlararo birdamlikning yo‘qligini tilga oladi.

Turkiyaning Izmir shahrida yashayotgan shibirg‘onlik Muhammadnaim Yusufiy esa birlashmaslik va millatchilik singari illatlar asosan hokimiyatdagilar orasida ko‘p uchrashini aytadi.

“Aslida bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqmiz, lekin bizni eng ko‘p qiynaydigan muammolardan biri bu – jaholat. Shunday odamlar bor - besh vaqt namoz o‘qiydi, lekin odam o‘ldirish, birovning molini talash gunoh ekanligini tushunmaydi”, – deydi Yusufiy.

Unga ko‘ra, yosh yigitlarning “Tolibon” safiga qo‘shilishiga ham aynan johillik va iqtisodiy qiyinchiliklar sabab bo‘lyapti.

36 yashar Yusufiy Egey universitetida kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida o‘qiydi, shuning barobarida kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. U turk askarlarining Afg‘onistonda qolishini qo‘llab-quvvatlashini aytadi.

“Chunki Turkiya va Afg‘oniston o‘rtasida aloqalar avvaldan yaxshi bo‘lib kelgan, tarixiy va madaniy rishtalarimiz bor. Turkiya Afg‘onistonga ko‘p yordam ko‘rsatgan, shuning uchun xalq turklarni yaxshi ko‘radi. Kobulda yashaganimda turk harbiylariga tarjimonlik qilganman, turk askarlari shaharda bemalol aylanib yura olar edi. NATOning boshqa harbiylari esa biror joyga bormoqchi bo‘lsa, albatta, qurollanib, himoyalanib borardi”, - deydi Yusufiy.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG