Breaking News

Turkiya uyg’urlar masalasida nega jim?


Turkiyada yashayotgan uyg'urlar namoyishi, 5-fevral, 2020
Turkiyada yashayotgan uyg'urlar namoyishi, 5-fevral, 2020

Xalqaro hamjamiyat Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatini qoralayotgan bir paytda ko’plab ekspertlar va faollar Turkiyani bu masalada sukut saqlayotgani uchun tanqid qilmoqda.

“Uyg’urlar va turklar orasida tarixiy-madaniy aloqalar borligi uchun ham Turkiya uyg’urlar ta’qib qilinayotgani haqida jar solishi kerak. 2010-yil oxirigacha shunday edi ham”, - deydi tadqiqotchi Mustafo Oqyo’l.

Rajab Toyib Erdog’an boshchiligidagi Turkiya o’zini dunyodagi mazlum musulmonlar, xususan Myanmadagi roxinjaliklar va falastinliklar himoyachisi sifatida ko’rsatib keladi. Ammo uyg’urlarga kelganda jimlik.

“Bu Turkiyadagi yangi humkron mafkura, G’arbga qarshi kayfiyat hamda Rossiya va Xitoy bilan yaqinlik natijasi”, - deydi Oqyo’l. Xitoy lobbichilari Turkiya rasmiylarini uyg’urlar haqidagi xavotirlar AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining yolg’onlari ekaniga ishontirishga urinmoqda, deydi u.

2009-yilda xitoylar va uyg’urlar to’qnashuvi ketidan Erdog’an Xitoyni keskin tanqid qilib, voqeani “genotsid” deb qoralagan. Ammo 2019-yilning oktabrida 23 davlat Xitoyni uyg’urlarga qarshi zo’ravonlikni bas qilishga chaqirib qo’shma bayonot bilan chiqqanida Turkiya prezidenti ularga qo’shilmadi.

Iqtisodiy manfaatlar fonida bayonotlarda o’zgarish

Yaqinda Germaniyadagi xavfsizlik anjumanida Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho’g’li “biz Xitoy hududiy yaxlitligini” qo’llab-quvvatlaymiz, dedi. Shu bilan birga, uyg’urlar ham to’la huquqli bo’lishini istaymiz, deya qo’shdi vazir.

“Bu mavzuni Xitoyga qarshi qo’llayotgan davlatlar bor. Biz ularning targ'ibotiga qo’shilmaymiz”, - deydi Chovusho’g’li. Uning aytishicha, Pekin Shinjonga Turkiyadan delegatsiya yuborish taklifi bilan chiqqan.

“Terrorchi har qanday etnik guruhdan chiqishi mumkin – turk, uyg’ur, xitoylar, buddist yoki nasroniy. Xitoylik hamkasblarimiz bilan har bir uchrashuvda aytamizki, bitta odam terrorchi bo’lsa, butun uyg’ur xalqini terrorchi deb atash to’g’ri emas”, - deya urg’uladi vazir.

Sharqiy Turkiston milliy uyushmasi rahbari Seyit Tumturk fikricha, Anqaraning uyg’urlarga nisbatan siyosatining o’zgarishi Xitoyning iqtisodiy ta’siri oshib borayotgani bilan bog’liq. Xitoy, xususan, tezyurar poyezdlar uchun rels yotqizish, ko’prik va atom stansiyalari qurish kabi loyihalar orqali Turkiya bilan iqtisodiy aloqalarini kengaytirdi.

“Turkiyaning uyg’ur masalasida taslim bo’lishi mamlakatning geosiyosiy va strategik ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Bu, o’z navbatida, 2016-yilgi davlat to’ntarishiga urinish hamda Vashington-Anqara munosabatlari bilan bog’liq”, - deydi Tumturk.

Turkiya Savdo vaziriligi bergan ma’lumotga ko’ra, Xitoy bilan savdo hajmi 2001-yilda 1,1 milliard dollardan 2018-yilda 23,6 milliard dollarga yetgan.

Turkiya mulozimlari Shinjonga nisbatan qat’iy pozitsiya iqtisodiyotga qimmatga tushadi deb qo’rqadi, deydi Seyit Tumturk.

“O’quv markazlari” va qochqinlar

Xitoy taxminan 1,8 million uyg’ur, qozoq va boshqa turkiy xalqlar vakillarini hibsxonalarda saqlayotgani yuzasidan bot-bot tanqidga olinadi. Huquq tashkilotlariga ko’ra, lagerlardagi ba’zi mahbuslar eng kam ish haqi evaziga fabrikalarda ishlatilmoqda. Shuningdek, ularga haftasiga bir marta uyiga borib kelishga ruxsat berilgan.

Xitoy rasmiylari lagerlar aslida “kasb-hunar markazlari” bo’lib, uyg’urlarni qayta o’qitish uchun mo’ljallangan ekanini aytadi. Pekin o’z siyosatini terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash bilan izohlaydi.

Hisoblarga ko’ra, hozir Turkiyada 45 ming uyg’ur istiqomat qiladi, shundan qariyb 10 mingi qochqin maqomida. Ba’zilariga mamlakatda vaqtincha yoki doimiy yashash huquqi, ayrim hollarda fuqarolik ham berilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG