Breaking News

Ekspertlar: Uyg'urlar iqtisodiy zulm ostida


Uyg'ur qiz Xitoy harbiy politsiyachilari paradini tomosha qilmoqda, Urumchi, Shinjon, 2009-yil, 9-iyul
Uyg'ur qiz Xitoy harbiy politsiyachilari paradini tomosha qilmoqda, Urumchi, Shinjon, 2009-yil, 9-iyul

Xitoyning uyg’urlar siyosati, asosan, diniy va etnik huquqlarning buzilishi bois tanqid qilinadi. Aslida, deydi ekspertlar, Pekinning mintaqani iqtisodiy rivojlantirish rejasi ham ixtilofning paydo bo’lishiga katta hissa qo’shgan.

11 milliondan ortiq turkiy tilli uyg’urlar yashovchi Shinjon viloyati 1,66 million kv. kilometr maydonni egallaydi. Bu jami Xitoy hududining oltidan biriga teng. Bu yerdagi neft va gaz zaxiralari mamlakatdagi barcha energiya manbalarining 20 foizini tashkil etadi. Shu bois mintaqa Pekin iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.

Pekin 2017-yildan beri uyg’urlar ustidan nazoratni keskin oshirgan, bir milliondan ortiq musulmon elat vakillari “qayta tarbiyalanish” uchun lagerlarga tashlangan.

Vashington universitetida uyg’urlarni o’rganuvchi olim Darren Baylerning aytishicha, Xitoy hukumati Shinjondagi tabiiy zaxiralarni o’zlashtirish siyosatini boshlagandan beri mintaqaga xan aholisining ko’chib kelishi kuchaydi. Natijada mahalliy uyg’ur xalqi va xitoylar o’rtasida ziddiyat yuzaga kelgan.

1990-yillardagi “Shimoli-G’arbni kashf et” kampaniyasi, 2000-yillarda xuddi shu kampaniyaning yanada kengaytirilishi xan fermerlarining ko’chib kelib, uyg’urlarga tegishli bo’lgan yerlarni egallab olishiga sabab bo’ldi, dedi Bayler “Amerika Ovozi”ga.

“Umuman olganda, uyg’urlar davlat yo’l qo’ygan diskriminatsiya tufayli yangi sohalardagi serdaromad ishlarni qo’lga kirita olmadi. Mintaqada yangi boylik shakllari paydo bo’lgach, yashash xarajatlari orta boshladi. Ko’pchilik yangi bozor iqtisodiyotiga kirishga qiynaldi. Uyg’urlar va Xitoy davlati o’rtasidagi ziddiyatning markazida shu turadi”, - deydi tadqiqotchi.

O’tgan 70 yil mobaynida Shinjonning demografik qiyofasi keskin o’zgarib bordi. O’lkada xanlar soni 1945-yilgi 9 foizdan bugungi 40 foizga chiqdi. Uyg’ur aholi esa 75 foizdan 45 foizga kamaydi.

Shinjonning Markaziy va Janubiy Osiyoga o’tish yo’lidagi ko’prik ekani ham Pekinning mintaqa ustidan nazoratni kuchaytirishga qaror berishi sabablaridan biri, deydi kuzatuvchilar.

“Bir makon, bir yo’l” tashabbusi

Shinjon shimoli-sharqda Mongoliya, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Afg’oniston, Pokiston va Hindiston bilan chegaradosh. Mintaqa Xitoy Prezidenti Si Zinpin 2013-yil taqdim etgan bir trillion dollarlik “Bir makon, bir yo’l” iqtisodiy tashabbusining yuragida joylashgan. Loyihadan maqsad Xitoyni Osiyo, Yevropa, Afrika va Amerika orqali dunyoning 150 dan ortiq mamlakati bilan bog’lash.

Jorj Vashington universiteti professori Shon Robertsning aytishicha, uyg’urlarning o’z yeriga va hayot tarziga sadoqati Pekin tomonidan iqtisodiy loyiha yo’lidagi g’ov sifatida ko’rilgan.

“Shinjonni “Bir makon, bir yo’l” loyihasining markaziy qismiga aylantirish niyati Xitoy Kommunistik partiyasi uchun uyg’urlar noroziligini bartaraf etishni dolzarb masalaga aylantirdi. Bugun biz ko’rayotgan narsa vatanlarining o’zgarishiga uyg’urlar ko’rsatadigan har qanday qarshilikni butunlay yo’q qilishga qaratilgan harakatdir”, - deydi Roberts.

Shinjonda bir necha o’n yillardan beri zo’ravon norozilik holatlari qayd etilgan. Pekin har qanday qarshilikni zo’rlik bilan bostiradi. 1955-yil Shinjon avtonom viloyati markaziy hukumat tomonidan tan olingan, ammo bu chora mintaqaga barqarorlik olib kelmadi.

“Uch yovuzlik”

Inson huquqlari buzilayotgani haqidagi xalqaro ayblovlarni rad etuvchi Pekin da’vosiga ko’ra, Xitoy Shinjonda uch yovuzlik - “etnik ayirmachilik, diniy ekstremizm va zo’ravon terrorizm”ga qarshi kurashmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, ommaviy lagerlar deb atalayotgan joylar aslida odamlarga hunar o’rgatiladigan tarbiya maskanlaridir.

Shinjon gubernatori Shuhrat Zokirning aytishicha, lagerlarda treningni tugatganlarning barchasi ozodlikka chiqarilgan. U bu markazlar odamlarning hayoti sifatini yaxshilashga va barqaror ish topishiga yordam berganini da’vo qiladi.

Lekin xalqaro tashkilotlar va mustaqil kuzatuvchilar lagerlarda tutqunlikda saqlanganlar majburiy mehnatga jalb etilganini aytadi.

Kommunizm qurbonlari yodgorlik jamg’armasi tadqiqotchisi Adrian Zenzning aytishicha, odamlarning lagerlardan ozod qilingani Xitoyning uyg’urlarga nisbatan siyosatida o’zgarish bo’lganini bildirmaydi; aksincha, ularni nazorat qilishning ikkinchi bosqichi – turli majburlov ishlari orqali ijtimoiy nazoratni kuchaytirish rejasi ish boshlaganini ko’rsatadi.

Kam haq to’lovchi mehnatga majburlash

Jorjtaun universiteti tadqiqotchisi Jeyms Milvardning aytishicha, uyg’urlar xususiy iqtisodiyotdan majburan siqib chiqarilib, paxta va kiyim ishlab chiqarish korxonalarida kam haq to’lanuvchi ishlarda ishlashga majburlanmoqda. Bunday siyosat, deydi u, sharqiy Xitoydagi xan ishbilarmonlarining manfaatlariga xizmat qiladi.

Tadqiqotchiga ko’ra, aholini majburiy mehnatga majburlash orqali hukumat mintaqada lagerlar qurish, xavfsizlik kuchlari sonini oshirish bilan bog’liq xarajatlarning bir qismini qoplashga urinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG