Turkiyada muvaffaqiyatsiz to'ntarishga bir yil bo'ldi

  • Amerika Ovozi

O'tgan yilning iyulida, to'ntarish kechasi Prezident Erdog'anga qarshi suiqasd rejalashda ayblangan askarlar sudga olib ketilmoqda. 8-mart, 2017-yil.

Turkiyada Prezident Rajab Toyib Erdog'anga qarshi muvaffaqiyatsiz to'ntarishga bir yil bo'ldi. Qo'shma Shtatlar voqeani tanqid qilgan, ammo Anqaraning siyosati bilan doim ham fikri bir joydan chiqmaydi.

Erdog'an Amerikada yashayotgan siyosiy raqibi Fathulla Gulenni bu to'ntarishga urinishni uyushtirganlikda ayblab, uni ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda. AQSh hukumati buning uchun dalil yo'q deya Gulenni Turkiya adliyasiga topshirishdan bosh tortgan.

AQShning Anqaradagi sobiq elchisi Jeyms Jeffri fikricha, Turkiya rahbari hayotiga suiqasd uyushtirish ortida Gulen turganini tasdiqlovchi aniq dalil bo'lmasa, Amerika biror ish qilmaydi.

"Nihoyatda murakkab mavzu", - deydi elchi. "Odatda bunaqa fitnalarda dalil qoldirishmaydi ham", - deydi u.

Ammo Jeffrining aytishicha, Gulenning tarafdorlari Turkiya armiyasi, politsiyasi, adliyasiga kirib olib, to'ntarish rejalagan. AQSh polkovnigi, Davlat departamentida maslahatchi Richard Outzen so'zlariga ko'ra, voqeadan oldin ham Turkiya armiyasida tarqoqlik kuzatilgan.

"Turkiya armiyasida men bilgan juda malakali ayrim ofitserlar dunyoviy tuzum tarafdori bo'lgani uchun xizmat pog'onasidan ko'tarilmaganini bilaman", - deydi u. "Ular hukmron tizimga qulluq qilishdan bosh tortgan", - deydi Outzen.

Turkiya harbiy qudrati bois NATOning qimmatli a'zolaridan hisoblanadi. Ammo Erdog'an muxolifatni ezayotgani, aprelda esa referendum ketidan uning vakolatlari keskin oshgani ketidan G'arb va Anqaraning orasi taranglashgan. Ayrim tahlilchilar fikricha, Erdog'an tobora avtoritar bo'lib boradi.

"To'ntarish ortidan tinchlik va farovonlik qaror topguniga qadar favqulodda holat e'lon qilingani bunga bir misol", - deydi mutaxassis Joner Jagaptay. "Tinch va farovonlikni kim o'lchaydi? Hukumatmi? Bu favqulodda holat uzluksiz davom etadi deganimi?" - deya so'raydi u.

Shu bilan birga, ekspertlarning aytishicha, Yaqin Sharqda manfaatlar bir ekan, Amerika-Turkiya ittifoqchiligi davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG