Breaking News

Turkiya: Nomzodlar so'nggi pallada nima va'dalar beryapti?


28-may kuni Turkiya fuqarolari ikkinchi bor saylovga chiqadi. Prezident Rajab Toyib Erdog’an partiyasi ishtirokidagi siyosiy blok parlamentda g’alaba qozongan, ammo prezidentlik masalasi mavhum bo’lib turibdi. Erdog’an birinchi bosqichda raqibi Kamol Qilichdoro’g’lidan ko’p ovoz to’plagani bilan prezidentlikka qayta saylanishga bir foiz yetmadi.

Xalqaro hayot - 26-may, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:57 0:00

“Erdog’an birinchi davrada 49,5 foiz ovoz oldi, parlamentda ko’pchilik o’rinlarni qo’lga kiritdi. Bu ikkinchi bosqichdan oldin juda katta motivatsion omillardir, ikkinchi davrada g’alaba qozonishiga yordam beradi. Qilichdoro’g’li tarafdorlarini ko’paytirishga, ularni ruhlantirishga harakat qilyapti”, - deydi istanbullik tahlilchi Jan Seljuqi.

Har ikki da’vogar millatchi saylovchilarni o’z tomoniga og’dirishga zo’r beryapti.

Qilichdoro’g’li ularning kayfiyatlaridan foydalanishga urinmoqda. Masalan, saylovda galaba qozonsa, millionlab suriyalik qochqinlarni deportatsiya qilishga va’da berdi.

Biroq tahlilchilar bu qaltis qadam ekani haqida ogohlantirmoqda, chunki bungacha Qilichdoro’g’li demokratik islohotlarga urg’u bergan edi.

“Qilichdoro’g’li Sinan O’gan tarafdorlarining bir qismini o’z tomoniga og’dirishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq bu xavfli qadam, ayniqsa agar bunday o’zgarishlar va tuzatishlar oxirgi daqiqada qilinayotgan bo’lsa”, - deydi Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Asli Oydintoshbosh.

Millatchilar blokidan nomzodi ko’rsatilgan Sinan O’gan birinchi bosqichda ishtirok etgan uch da’vogardan biri bo’lib, 5 foiz bilan marraga oxirgi bo’lib keldi va ikkinchi davrada Erdog’anni qo’llab-quvvatlashini bildirdi.

Qilichdoro’g’li oldida turgan yana bir muammo shuki, Erdog’anning “Adolat va taraqqiyot” partiyasi yetakchiligidagi koalitsiya parlamentda mutlaq ko’pchilikni qo’lga kiritdi va bu xalq siyosat o’zgarishini istamasligidan dalolatdir.

“Hukumat tarafi izchillikni targ’ib qilyapti, muxolifat esa muvozanatni. O’tmishdagi saylovlardan shunisi ma’lumki, turk elektorati odatda izchillikni muvozanatdan ustun qo’yadi”, - deydi Seljuqi.

Saylovchilarni o’ziga qaratish maqsadida Qilichdoro’g’li “YouTube”dagi ommabop ko’rsatuvda 4 soat qatnashib, tomoshabinlar savollariga javob berdi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, nomzodlar uchun eng muhimi hozir tarafdorlarini saylovning ikkinchi bosqichida ham faol bo’lishga undash.

“Erdog’anning yana bir g’alaba qozonish ehtimoli va buning fuqarolar kelajagi hamda farzandlari kelajagiga ta’siri saylovchilarni Qilichdoro’g’liga nisbatan shubhalari va shikoyatlarini chetga surib, saylovga chiqishga majburlashi mumkin. Busiz vaziyatni o’zgartirib bo’lmaydi”, - deydi yana bir turk tahlilchisi Atilla Yeshilada.

Saylovning ikkinchi bosqichida kurash murosasiz bo’lishi kutilarkan, mustaqil kuzatuvchilar saylov shaffofligini ta’minlashga harakat qiladi.

Saylovning 14-may kuni o’tkazilgan birinchi bosqichida ayrim fuqarolar kuzatuvchilar ishini yaxshi bajara olmaganidan shikoyat qildi.

“Ayollar himoyasi platformasi” deb nomlanuvchi feminist ayollar guruhi kuzatuvchilarni tayyorgarlikdan o’tkazmoqda.

Yuz minglab odam saylovda kuzatuvchi bo’lib ishlashga ko’ngilli bo’lib yozildi. Qilichdoro’g’li yetakchiligidagi Respublikachilar xalq partiyasi birinchi bosqichda kuzatuvchilikni eplay olmaganini tan oldi.

Partiya mutasaddilarining tushuntirishicha, ularda yetarlicha kuzatuvchi bo’lmagan, ovozlarni soxtalashtirish haqidagi da’volar yangrashi ketidan saylovchilar raqamlarini tekshirishda sustkashlikka yo’l qo’yishgan. Saylovgacha o’tkazilgan ijtimoiy so’rovlarda ikkinchi o’rinda kelgan Erdog’an saylov kuni marraga birinchi bo’lib keldi.

“Erdog’an usiz ham g’alaba qozongan bo’lardi deb o’ylayman. Qoidabuzarliklar bo’ldi, ammo qay miqyosda bo’lgani ma’lum emas. Saylov natijasini yarim foizga o’zgartirdimi yoki bir foizga? Odatda ikki foizdan oshmaydi. Biroq saylov uchastkasida kuzatuvchilar yoki vakillaringiz bo’lmasa, buni aniq bilib bo’lmaydi”, - deydi Asli Oydintoshbosh.

Erdog’an qonunbuzarliklar bo’lganini inkor etarkan, saylov halol o’tganini aytadi.

Yaqinda Ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu saylovlarni nazorat qilish bilan tanilgan “Oy va O’tesi” deb nomlanuvchi tashkilotni yakshanba kungi saylovda ishlashdan chetlatishi ketidan saylovchi xavotiri yanada kuchaydi.

“Hukumat saylovning ikkinchi bosqichi silliq o’tmasligini bilib turibdi. Poyga murosasiz bo’ladi. Soylu xato bo’lmasligini ta’minlamoqchi”, - deydi Atilla Yeshilada.

“Ayollar himoyasi platformasi” ham saylovda xato bo’lmasligi uchun jarayonni diqqat bilan kuzatmoqchi.

“Ayol sifatida o’z huquqingizni talab qilish hayotingizni, borligingizni, mamlakatingizni talab qilish bilan tengdir. Axir bu mamlakat aholisining yarmidan ko’pini ayollar tashkil etadi. Ular ko’p hollarda ort qatorda turadi, ularga yo’l berilmaydi, kelajagi mavhum, nuqul zo’ravonlikka uchraydi. Shu sabab berilgan ovozni himoya qilish ular uchun juda muhimdir”, - deydi guruh vakili Sezen O’zkan.

Erdog’an saylov halol bo’lishini aytadi. Mamlakat bo’ylab ishlashga tayyor turgan yuz minglab kuzatuvchilar esa aynan shuni ta’minlashga harakat qiladi.

Xorijda yashovchi fuqarolar va qo’sh fuqarolikka ega turklar erta ovoz bergan. Bugun salkam 1,9 millionta byulleten Anqaraga yetkazildi. Saylov qog’ozlari yakshanbagacha xavfsiz joyda saqlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG