Breaking News

Turkiya-kurd tinchlik jarayonida siljish yo'q


Turkiya va kurdlar o’rtasida uch yildan buyon davom etayotgan tinchlik muzokaralari jar yoqasiga kelib qoldi, chunki hech bir tomon yon berishni istamaydi.

Turkiya-kurd tinchlik jarayonida siljish yo'q/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:34 0:00

Anqara kurd isyonchilaridan qurol tashlashni so’ramoqda, kurdlar nazarida esa avvalo hukumat konkret qadamlar tashlashi kerak.

Turkiyada hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasi hamda kurdlar manfaati uchun kurashuvchi Xalq demokratik partiyasi o’rtasida ziddiyatlar kuchayib bormoqda. 40 yillik mojaroga yakun yasashga qaratilgan muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan terrorchi tashkilot deb belgilangan Kurdiston ishchilar partiyasining rahbari Abdulla O’jalon 1999-yilda Keniyada ushlangan edi.

Ushbu operatsiyaning 16 yilligi munosabati bilan 15-fevral kuni tomonlar qo’shma bayonot bilan chiqishi, O’jalon qamoqdan turib doimiy sulh e’lon qilishi kutilgan edi. Kurd yetakchilarining da’vo qilishicha, hukumat oyoq tirayotgani sabab reja amalga oshmadi.

Xalqaro munosabatlar bo’yicha ekspert Soli Ozel deydiki, tomonlar bir-biriga talablar qo’yaverib, muzokaralar jar yoqasiga kelib qolgan. Orada ishonch yo’q, deydi u.

Kurdiston ishchilar partiyasining Iroq shimolida asoslangan rahbarlari ham shu oy bayonot chiqardi. Unda aytilishicha, tinchlik jarayoni xavfli nuqtaga kelib qolgan va to’xtab qolishi hech gap emas.

Yaqinda Turkiya parlamentida taqdim etilgan davlat xavfsizligiga oid qonun loyihasi politsiya vakolatlarini kengaytirishni ko’zda tutadi. Kurdlar nazarida bu - hukumat muzokaraga samimiy yondashmayotganini ko’rsatadi.

Xalq demokratik partiyasi rahbari Salohiddin Demirtosh loyihani muzokaralarga tahdid deya qoralamoqda. Bu qonun ovozdan o’tsa, deydi tanqidchilar, Turkiya mirshablar davlatiga aylanadi.

Bosh vazir Ahmet Dovuto’g’li esa qonun loyihasi fuqaro erkinliklarini himoya qiladi, xavfsizlikni ta’minlaydi, deya uning ma’qullanishiga ishonch bildirmoqda. Parlament hujjatni tasdiqlashi o’ta muhim, deydi u.

Tahlilchilar fikricha, asosiy muammolardan biri bu - tinchlik muzokaralari maxfiy tarzda kechayotganidir. Muloqotda Kurdiston ishchilar partiyasi rahbari Abdulla O’jalon va hukumat tanlagan bir necha kurd siyosatchilar qatnashmoqda xolos.

“Milliyet” gazetasi sharhlovchisi Kadri Gursel shaffoflik zarur talab, deydi.

"Erdog’an hukumati Abdulla O’jalon bilan o’z vakillari orqali, razvedkachilar orqali, partiyaviy delegatsiyalar orqali gaplashyapti. Nima haqida, bilmaymiz. Kurdlarning talabi - transparentlik”, - deydi Gursel.

Turkiya rahbariyati bu chaqiriqlarga quloq tutmayapti. Muzokara formatini o’zgartirish borasida O’jalon qanday fikrda ekani ham noma’lum.

Suhbatdosh so’zlariga ko’ra, Yevropa Ittifoqiga qo’shila olmayotgan Turkiya tobora avtoritar davlatga aylanayotgani yuzasidan xavotirlar hamda ishonchsizlik tinchlik muloqotini yanada savol ostiga qo’ymoqda.

Ayni paytda Anqara navbatdagi talabni olg’a suryapti - kurd isyonchilari Navro’zgacha doimiy sulh e’lon qilishi va qurolini tashlashi lozim. Hozirgi sharoitda kurdlar bu talabga ko’nishi amri mahol. Yozgi saylovlar oldidan esa hukumat ham biror masalada yon berishi gumon.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG