Turkiya kurd manzillarini nishonga oldi

  • Amerika Ovozi

Turkiya harbiy samolyotlari Iroq va Suriya chegarasida taqiqlangan "Kurdiston ishchilar partiyasi" manzillariga hujum qilib, kamida 18 odamni o'ldirgan.

Suriyada inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni kuzatayotgan mutaxassislarning aytishicha, hujum Suriyaning Hasaka shahrida ro'y bergan. Halok bo'lganlar soni yanada ko'proq bo'lishi mumkin.

Hasaka Sinjar tog'larida joylashgan. Hujumda yana bir kurd guruhi - Suriya Xalq mudofaa bo'linmalari (XMB) a'zolari ham nishonga olingan.

Kurdlar havo reydlariga qarshi norozilik namoyishlari o'tkazdi. Ular AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyadan Turkiya hujumlarini to'xtatishni so'ramoqda. Anqara esa terrorchilarni hujumga olganini aytadi.

Kurdiston ishchilar partiyasi XMB bilan Suriya demokratik kuchlari deb nomlangan ittifoq doirasida hamkorlik qiladi. Ular Suriya shimolida "Islomiy davlat" jangarilariga ham qarshi kurash olib bormoqda.

Turkiya Sinjarni Turkiyaga hujum qilish uchun tayyorlanayotgan kurd terrorchilarining makoni deb biladi.

Turkiya, AQSh va Yevropa Ittifoqi "Kurdiston ishchilar partiyasi"ni terrorchi tashkilot deb e'lon qilgan. Guruh bir necha o'n yillardan beri kurd mintaqasi ozodligi uchun kurash olib boradi.

AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Toner Turkiya hujumlari yuzasidan AQSh xavotirda ekanini ma'lum qildi. Uning aytishicha, Anqara zarbalarni xalqaro koalitsiya bilan oldindan kelishmasdan amalga oshirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG