Breaking News

Turkiya Liviya frontida diplomatik yutuqarga umid qilmoqda


Liviyaning Milliy birlik hukumati raisi Fayoz Siroj Turkiya vazirlari bilan uchrashmoqda, Tripoli, 17-iyun, 2020-yil
Liviyaning Milliy birlik hukumati raisi Fayoz Siroj Turkiya vazirlari bilan uchrashmoqda, Tripoli, 17-iyun, 2020-yil

Turkiya Liviyadagi harbiy yutuqlari ketidan diplomatik muvaffaqiyat qozonishga umid qilmoqda. Anqara Liviya poytaxti Tripolida asoslangan Milliy birlik hukumatini (MBH) sharqdagi Tobruk shahrida joylashgan raqib hukumat - feldmarshal Xalifa Haftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasiga (LMA) qarshi janglarda qo’llab-quvvatlash uchun yanvar oyida bu mamlakatga qo’shin kiritgan edi. MBH kuchlarining so’nggi paytdagi yutuqlari natijasida Turkiyaning Liviyada hamda Yevropa Ittifoqiga ta’siri oshmoqda.

Hokimiyat uchun kurashda LMA ni Birlashgan Arab Amirliklari, Misr va Rossiya qo’llab-quvvatlamoqda. Turkiya MBH ga harbiy yordam yuborishi ketidan Tripoliga yaqinlashib qolgan Haftar kuchlari chekinishga majbur bo’lib, bungacha qo’lga kiritilgan hududlarni birin-ketin boy bera boshladi.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’li va Turkiya razvedkasi rahbari Hoqon Fidan o’tgan chorshanba Tripolida bo’lib, MBH rahbariyati bilan uchrashgan. Anqara Liviyada harbiy-havo va harbiy-dengiz bazasi o’rnatmoqchi. Turkiya hukumati bunga doir xabarlarni hozircha izohlagani yo’q. Ayrimlar nazarida, Turkiya Liviyadagi qo’shinlari orqali Yevropa Ittifoqiga bosim o’tkazmoqchi.

“Liviya Yevropa Ittifoqiga strategik jihatdan muhim bo’lib, Afrikaning Yevropaga darvozasi rolini bajaradi”, - deydi Turkiyaning Qatardagi sobiq elchisi Mithat Rende.

Liviya fuqarolar urushi oqibatida Yevropaga noqonuniy yo’l bilan migrant o’tadigan nuqtalardan biriga aylangan.

Anqara Yevropa Ittifoqi bilan kelishuvga muvofiq milliardlab dollar yordam puli evaziga qochqinlar va migrantlarni Turkiya orqali Yevropaga o’tkazmaslikka kelishib olgan.

Anqara universitetining siyosatshunoslik bo’yicha professori Ilhan O’zgelning aytishicha, Erdog’an Turkiyaning Yevropa Ittifoqi darvozasi rolini Liviyagacha yoyish imkoniga ega bo’lmoqda. O’ziga yarasha muammolariga ega Anqara Bryussel bilan vizasiz sayohat bo’yicha bojxona ittifoqiga doir bitimni yangilash ustida muzokara qilmoqda.

“Turkiya Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarda suriyalik qochqinlardan foydalanib kelmoqda, tovlamachilik ham qildi. Bunday siyosat qisman ish berdi. Endi esa Liviya uning qo’lidagi yangi karta bo’lib, uni ham Yevropa Ittifoqiga qarshi ishlatmoqchi. Ittifoqqa bu ish yoqmasligi mumkin, biroq Yevropa Turkiya bilan qochqinlar masalasida savdolashishga o’rganib qolgan”, - deydi professor O’zgel.

Fransiya va Germaniya Turkiyaning Liviyaga qo’shin kiritganini keskin qoralagan. Iyul oyida Yevropa Ittifoqi raisligini qabul qilib olayotgan Germaniya kansleri Angela Merkel Erdog’an bilan kelishishga majbur.

“Turkiyaning Liviyadagi harbiy operatsiyasi uning Yevropa Ittifoqi va, xususan, Germaniyaga nisbatan pozitsiyasini kuchaytiradi”, - deydi Bonn universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis Zaur Gasimov.

“Qochqinlarning yangi oqimi yuzasidan xavotirlar koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy turg’unlikni boshdan kechirayotgan Yevropada hozirgichalik kuchli bo’lmagan”, - deydi ekspert.

Merkel oy boshida Erdog’an bilan Liviya masalasida telefon orqali gaplashgan. Juma kuni Italiya Tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo Anqarada bo’lib, turkiyalik hamkasbi Mevlut Chavusho’g’li bilan shu mavzuda muloqot qildi.

“Yevropa Ittifoqidagilar Erdog’anni yoqtirmaydi, uni hurmat qilmaydi, biroq u bilan kelishish mumkinligini, Erdog’an va’dalariga harqalay sodiq bo’lishini bilishadi”, - deydi Ilhan O’zgel.

AQSh ma’muriyati ham Anqara bilan Liviya masalasida hamkorlik tarafdori.

“Turkiya va Qo’shma Shtatlar [Liviyada] birgalikda ijobiy o’zgarish qilishi mumkin”, - dedi Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oqtoy.

AQSh Prezidenti Donald Tramp va Erdog’an shu oy Liviya xususida hamkorlik qilishga kelishdi, biroq bu hamkorlik nimadan iborat bo’lishi hozircha ma’lum emas.

Qo’shma Shtatlar bir necha kun oldin Rossiyani begunoh liviyaliklar hisobiga NATOning janubiy chegarasiga yaqin joyda strategik jihatdan o’rnashishga harakat qilayotganlikda aybladi. Moskva Liviyada Haftar hukumatini qo’llab-quvvatlaydi, biroq Liviyaga qo’shin yuborganini inkor etib keladi. Turkiyaning harbiy amaliyotlari Rossiyaning Liviyadagi rejalarini puchga chiqarayotgani aytiladi.

Rossiya taklifiga ko’ra 14-iyunda Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlarining Liviya bo’yicha kutilgan uchrashuvi bekor bo’ldi.

“Uchrashuvni Turkiya bekor qilgan. Odatda mojaroda qo’li past kelayotgan taraf sulh taklif etadi, ammo Turkiyaning Liviyada amaliyotlarini to’xtatish xohishi yo’q”, - deydi O’zgel.

Qo’shma Shtatlar Rossiyani Liviyaga qo’shin va texnika yuborayotganlikda ayblaydi. Xususan, o’tgan hafta AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo’mondonligi Liviyada Rossiyaga qarashli harbiy samolyotlar tushirilgan yangi tasvirlarni taqdim etdi.

“Rossiya Liviyaga harbiy samolyotlar yuborgan, ammo bu samolyotlarning Milliy birlik hukumati qo’shinlariga qarshi samarali qo’llangani haqida ma’lumot olmadik. Rossiya samolyotlarini jangda qo’llashi mumkin. Turkiyaning harbiy dronlari ularga bas kelolmaydi. Ammo samolyotlar hozircha jangga kirmagan. Ularning Liviyada bo’lishi ko’proq ramziy ahamiyatga ega degan qarash mavjud. Ko’proq vahima uyg’otish uchun”, - deydi Anqara universiteti mutaxassisi.

Moskva Turkiya bilan so’nggi yillarda ancha yaxshilangan aloqalarini buzishni istamayotgan bo’lishi mumkin. Bu munosabatlar Turkiyaning NATOdagi hamkorlarini xavotirga solmoqda. Ikki davlat savdo aloqalari puxta bo’lib, tomonlar Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushida qarama-qarshi taraflar tomonida bo’lsa-da, mojaroga yechim topishda Ostona tinchlik jarayoni doirasida o’zaro hamkorlik qilmoqda.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Turkiyaning Liviyadagi yutuqlariga qaramay, Anqara Moskvaga ehtiyotkorlik bilan yondashishi kerak. Rossiya Turkiyaning Liviyadagi harakatlariga putur yetkazishi yoki Turkiyaning boshqa joylardagi manfaatlariga changal solishi mumkin.

Biroq tahlilchi Gasimov ikki davlat Liviya masalasiga pragmatik yondashadi degan umidda.

“Suriyada bo’lgani kabi Turkiya va Rossiyaning Liviyada ham kelishib ketish ehtimoli yuqori”, - deydi u.

Tahlilchiga ko’ra, Rossiya Turkiyaning Haftarga yordamni to’xtatish talabiga ko’nishi mumkin.

“Rossiyaning pozitsiyasi doim o’zgaruvchan. Haftar Rossiya uchun Liviyada qolishga yagona omil bo’lmasligi mumkin. Moskva muqobil variantlar qidirmoqda”, - deydi Gasimov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG