Breaking News

Turkiya hukumatining matbuotga bosimi ortgan


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an g'alayonda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarni aybladi.
Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog'an g'alayonda matbuot va ijtimoiy tarmoqlarni aybladi.
Turkiya matbuoti mamlakatda ro’y bergan namoyishlarni yaqindan yoritmagani uchun mahalliy va xalqaro hamjamiyat tanqidiga duchor bo’ldi. Ular hukumat bosimiga uchragani aytiladi.
Turkiya matbuoti bosim ostida, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:16 0:00
Yuklab oling
Turkiya jurnalistlar kasaba uyushmasining ma’lum qilishicha, 22 jurnalist hukumatga qarshi namoyishlarni yoritgani uchun ishdan haydalgan. 37 nafari esa ishidan ketishga majburlangan.

So’l qanotga moyil gazetalarda politsiya reydlar o’tkazgan. Ayrim jurnalistlar mamlakatning terrorizmga qarshi qonuni doirasida hibsga olingan. Bosh vazir Rajab Toyyib Erdog’an unga va uning partiyasiga qarshi boshlangan g’alayonda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarini aybladi. Ammo hukumatning matbuotga bosimi ancha keng, deydi “CNNTurk” telekanali boshlovchisi Asli Aydintashbash.

“Matbuot bo’lib o’tgan voqealarni yoritgani uchun hukumat nishoniga aylandi. Yaqinda bir gazeta va telekanal hukumat qo’liga o’tdi. “AK” partiyasiga mansub sobiq parlament a’zosi unga yangi bosh muharrir etib tayinlandi. Shundan so’ng to’qqiz qalamkash ishdan ketdi. Ikki hafta ichida butunlay hukumatga moyil nashrga aylandi. Hatto hukumat tarafidagi gazetalarda ham ishidan ayrilganlar bo’ldi. Ular Gezi parkidagi namoyishlarni kuch bilan bostirishga qarshilik bildirgan edi”, - deydi jurnalist Aydintashbash.

Namoyishlar Istanbuldagi Gezi parkini do’konlar majmuasiga aylantirish haqidagi davlat rejasiga qarshi norozilikdan boshlandi. So’nggi sonini shu namoyishlarga bag’ishlagan mashhur bir jurnal yaqinda o’z faoliyatini to’xtatganini ma’lum qildi. Keyin matbuotga bosimlar haqidagi tashvishlar yanada ortdi.

G’alayonning dastlabki kunlari yetakchi ommaviy axborot vositalari sukut saqlashni afzal ko’rdi. Keskinlik yuqori nuqtaga yetgan bir pallada yangiliklar telekanali to’qnashuvlarni yoritish o’rniga pingvinlar haqida hujjatli film ko’rsatishni ma’qul topdi. Shundan beri namoyishchilar pingvinni o’z harakatlarining ramzi sifatida qabul qildi.

“Milliyat” gazetasining siyosiy sharhlovchisi Kadri Gurselning aytishicha, g’alayon matbuotga jiddiy ta’sir o’tkazdi.

“Markaziy nashrlar elektr toki urgandek shokka tushib qoldi. Keyin ular o’zlarida xohish va jasorat topa oldi. Chunki o’quvchilari oldida bu haqiqiy imtihon bo’ldi. Gezi harakatidan oldin ular faqat bosh vazir nima desa, shuni berishardi. Birinchi marta qarshi fikrlar ham paydo bo’ldi. Bu umidbaxsh yangilik, lekin endi hammasi yaxshi bo’ladi, deb aytishga hali erta”, - deydi Gursel.

Gurselning tashvishi shundaki, Turkiyadagi xususiy OAVlarning asosiy qismi ulkan konglomeratlarga tegishli. Bu biznes kompaniyalari faqat jurnalistika bilan shug’ullanmaydi. Gazetada chiqqan tanqidiy materialni deb, ular hukumatning e’tiboridan qolishni istamaydi. Ammo hammasi ham jurnalistlarning ishiga aralashadi, deb bo’lmaydi, deydi Gursel.

“Ommaviy axborot vositalarining egalariga qarshi qo’llash uchun hukumatda har doim kerakli vosita topiladi. Masalan, gazeta sohiblarining biznes manfaatlariga zarar yetkazadi. Chunki ular iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham sarmoya kiritgan bo’ladi. Daromad ham hukumat qabul qiladigan qaror va qoidalarga bog’liq”, - deydi siyosiy sharhlovchi.

Istanbuldagi Bahchashehir universiteti professori Chengiz Aqtarga ko’ra, Gezi harakati an’anaviy matbuotning obro’siga ancha putur yetkazdi. Ayni paytda internetdagi ijtimoiy tarmoqlarning ahamiyati oshdi, deydi u.

“Yoshlar gazeta o’qimay qo’ydi. Ular hamma ma’lumotni “Facebook”, “Twitter” kabi ijtimoiy saytlardan oladi. Ular televizor ham ko’rmaydi. Bunday an’anaviy axborot vositalarining davri o’tdi, ular e’tibordan qoldi. Haqiqatni yozadimi yo’qmi, baribir, eskirgan”, - deydi Aqtar.

Bosh vazir Erdog’an g’azabini ijtimoiy tarmoqlarga ham sochdi. Ularni jamiyat uchun yovuz kuch deb atab, bu borada tegishli choralar ko’rishga va’da berdi.

Namoyishchilar hovuri esa hali bosilgani yo’q. Hukumat va fuqarolar o’rtasidagi ziddiyat ko’chalarda, shuningdek, internet sahifalarida davom etishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG