Turkiyada tibbiyot sayyohligi kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiyada tibbiyot turizmi jadal rivojlanib bormoqda. Har yili o’n minglab odam Istanbul va boshqa shaharlarga kelib, ginekologiya, ortopediya va plastik jarrohlikkacha bo’lgan turli sohalarda davolanib qaytadi.

Istanbulning mashhur Taqsim maydonini aylansangiz, boshiga soch ko’chirib o’tqazgan ko’plab yaqin sharqlik erkaklarni uchratasiz.

“Shunday jarrohlik amaliyoti mamlakatimda 5000 dollar turadi. Bu yerda esa $1100”, - deydi iordaniyalik bir sayyoh.

So’nggi terror xurujlariga qaramay, Turkiyada tibbiyot sayyohligi gurkirab o’smoqda. Mamlakat Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, 2016-yili tibbiyot sayyohlari soni 152 mingdan oshgan.

“Juda arzon va yaxshi ishlashadi. Turizm uchun ham kelamiz. Turkiyada xavfsizmiz. Hamma joyda politsiyachi bor, bizga yordam berishadi. Istanbul ajoyib shahar”, - deydi sayyoh.

Tibbiyot sayyohligi bo’yicha konsultant Emre Ali Kodanning aytishicha, Turkiya bu sohada faqat narxlar arzonligi uchungina eng yuqorida emas.

“Xizmatlarimiz sifati yaxshi. Ko’p jihatdan Yevropani ortda qoldirganmiz. Yaqin Sharqqa madaniy jihatdan ham yaqinmiz, ularni bilamiz. Shu bois yaqin sharqlik bemorlar bizni tanlaydi. Yevropada ham obro’imiz oshib bormoqda”, - deydi u.

23 yoshli Yan Bursevet Germaniyadan, u bu yerdagi klinika haqida internetdan o’rgandi.

“Germaniyadagi narxning to’rtdan biri. Soch ko’chirib o’tqazish haqida o’rgandim, internetdan bildim, juda yaxshi ekan. Rasmlarimni ularga yubordim, keyin menga taklif berishdi. Taklif menga ma’qul kelgani uchun qabul qildim”, - deydi u.

2016-yil har oy o’rtacha 5000 odam Turkiyada soch ko’chirish jarrohlik amaliyotini o’tkazgan. Bu yil ular soni yanada oshishi kutilyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG