Tojikistonda meditsina xizmati zamon talablariga javob beradimi?


Bahor kelib, kunlar ilib qolgan bo’lsa-da, hali Tojikistonning nohiya, qishloq kasalxonalari derazalaridan polietilen plyonkalar olingani yo’q, palatalarda ham qo’lbola pechlar turibdi. Har holda hali tungi izg’irin ketgan emas.

Tojikiston tog'li mamlakat, uning 93 foiz yeri tog’lardan iborat, iqlim ham shunga yarasha.

Mamlakat kasalxonalariga havas qilib bo’lmasa-da, bu darmongohlarda yuz minglab bemorlar davolanadi, salomatligini qayta tiklaydi.

Tojikistonda hozir sog’liqni saqlash tizimi yangicha – G’arb tamoyillariga asoslanib qayta qurilmoqda. Lekin buni ayrim shifokorlar u qadar yoqlamaydi.

"Respublikadagi 11 nohiya kasalxonalari, umuman, sog’liqni saqlash tizimi, vazirlik qaroriga ko’ra, to’la pullik xizmat ko’rsatish tartibiga o’tmoqda. Bu tartib hozicha loyiha asosida bo’lsa ham, allaqachon amalda. Shundoq ham barcha xizmatlar pullik bo’lganiga ancha bo’ldi. Ayrim toifa kishilari, masalan, 80 yoshdan o’tgan keksalar, nogironlarga xizmat bepul, ammo bunaqalar oz. Maoshimiz 1000 somonga ham bormaydi. Bir kilo mol go’shti 32 somon bo’lgan vaqtda bu bilan qanday tirikchilik o’tkazish mumkinligini tasavvur qilavering! (100 dollar = 810 somon) Vaqti kelganda bemorga ukolni sham bilan qilgan paytlarimiz bo’lgan, oson emas", - deydi nomini oshkor etishni istamagan shifokor.

Tojikiston soq’liqni saqlash tizimi AQSh va Yaponiyadan kelayotgan insonparvarlik yordamlari tufayli ancha- muncha zamonaviy tibbiyot uskunalari va dori-darmonlar bilan ta’minlanib kelmoqda. Birgina “HOPE” (o’zbekchasi - “UMID”) dasturi orqali Tojikiston kasalxonalari o’tgan yillar davomida 60 million dollardan ortiq gumanitar yordam oldi. Uning asosiy qismi kundalik zarur dori-darmonlar bo’lgan. Bu loyiha 2001-yildan beri davom etib kelmoqda.

Yaqinda Tojikiston poytaxtidagi yurak-tomir xirurgiya ilmiy markazi GGP dasturi asosida Yaponiya hukumatining beg’araz ko’magi tufayli zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Aholining keng qatlamlariga gumanitar ko’mak ko'rsatish loyihasiga ko’ra, yurak-qon tomir kasalliklariga ixtisoslashgan ilmiy markazga 87454 AQSh dollari miqdorida insonparvarlik yordami berildi, markaz exokardiograf, kardiomonitor, koagulyator, monitorli defibrilyator kabi zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Bu markazga yiliga to’rt mingdan ortiq bemor murojaat qiladi.

Yaponiya hukumati 1996-yildan beri Tojikiston meditsina sohasiga 362 gumanitar loyiha asosida qariyb 30 million dollarlik beg’araz yordam ko’rsatgan.

GGP programmasi asosida Tojikiston janubidagi Hamadoni, Jayhun, Ishkoshim, Murg’ob, Darvoz, Smasiddin Shohin, Shaartuz, Farxor, Qabodiyon, Roshtqal’a tog’li nohiyalari har biriga 75 mingdan to 86 ming dollargacha ko’mak ko’rsatilmoqda. Bular, asosan, ta’mir va ichimlik suvi tarmoqlarini qayta tiklashga qaratilgan.

Markazdan uzoq tog’li nohiyalarda mahalliy kasalxonalar ta’miri muhimligi shundaki, bu tumanlar kezi kelganda qorli qish kunlarida “katta yer” dan 2-3 oylab uzilib qolishadi. Qor va tosh ko’chkilari, sellar sabab, magistral yo’llar berkilib qoladi. Aholi faqat o’zlaridagina mavjud imkoniyatlaridan foydalanishlari mumkin, xolos.

XS
SM
MD
LG