Breaking News

Turkiyadagi korrupsiya mojarosi xalqaro hamjamiyat e'tiborida


Anqarada hukumatga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishidan, 28-dekabr, 2013-yil.
Anqarada hukumatga qarshi o'tkazilgan norozilik namoyishidan, 28-dekabr, 2013-yil.
Turkiyadagi korrupsiya mashmashasi hukumatni alg’ov-dalg’ov qildi. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an ko’plab vazirlarini yangiladi. Ammo namoyishchilar bosh vazirning o’zidan iste’foga chiqishini talab etmoqda. Vaziyat xalqaro hamjamiyatning ham e’tiborida.
Turkiyada korrupsiya mashmashasi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00
Yuklab oling

Istanbul ko’chalariga chiqqan norozi olomon Erdog’andan iste’foga chiqishni talab etmoqda. Ularga ko’ra, hukumat so’nggi yillarda mamlakatni islomiylashtirish yo’liga tushgan. Korrupsiya mojarosi yozda yuz bergan namoyishlar to’lqini ortidan aholi uchun yana bir bor bosh ko’tarish imkonini berdi.

Ko’chmas mulk oldi-berdisiga oid ishda pora berganlik aybi bilan hibsga olingan o’nlab odamlar orasida ikki vazir o’g’lining ham borligi kuchli noroziliklarni keltirib chiqardi.

Rajab Erdog’an aholini tinchlantirish uchun mashmashaga aralashgan ikki vazirni, ularga qo’shib, hukumatning yana sakkiz vakilini vazifasidan ozod etdi. Ammo bu noroziliklarni pasaytirmadi. Hatto ishdan olingan vazirlardan biri ham bosh vazirning iste’foga chiqishini talab qildi.

Korrupsiya ishlarini fosh qilgan politsiyaning bir qator yetakchilari, jumladan, Istanbul politsiyasi rahbarining ham hukumat tomonidan ishdan olinishi esa jamoatchilik g’azabini yanada oshirdi.

Bu holat mamlakat ichida ham, xorijda ham Turkiya hukumati va sudi obro’siga putur yetkazadi, deydi “Jumhuriyat” gazetasi jurnalisti Utku Chakirozer.

“Yevropa ittifoqi a’zoligiga nomzod sifatida, Turkiya barcha jabhalarda yevrostandartlarga rioya qilishga va’da bergan. Ular orasida eng muhimlaridan biri bu qonun ustuvorligi va sud tizimining xolisligi va mustaqilligini ta’minlashdir”, - deydi u.

Turk matbuotida hukumatga qarshi g’alayonga Anqaradagi AQSh elchixonasi yordam berayotgani haqida xabarlar ko’zga tashlandi.

AQSh bu gaplarni “asossiz” va “o’ta tashvishlanarli” deb atadi. Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psakining aytishicha, Vashington bo’lib o’tayotgan ishlar mohiyati haqida munosabat bildirmaydi.

“Bu ishlarning o’ziga xosliklari haqida aniq munosabat bildirmaymiz. Faqat shuni ta’kidlaymizki, Turkiyadan sud tizimida adolat, oshkoralik va tezkorlikni ta’minlash bo’yicha mavjud oliy standartlarga rioya qilishini kutib qolamiz”, - dedi AQSh rasmiysi.

Anqaradagi siyosiy mashmasha Turkiyaning Yaqin Sharqdagi siyosatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Anqara so’nggi yillarda Iroq va Suriyada faol siyosat olib borishga urinayotgan edi.

Mojaroga Eronning ham aralashgani haqida gap-so’zlar bor. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, xalqaro sanksiyalarni turk banklari orqali aylanib o’tish uchun eronlik biznesmenlar Turkiya rasmiylariga pora bergan.

Hozircha xalq hukumatdan javob kutmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG