Breaking News

Turkiya Erondan gaz sotib olishni to’xtatishi mumkin


Turkiya energiyaga bo’lgan ehtiyojining 20 foizini Eron gazi hisobiga qondiradi.
Turkiya energiyaga bo’lgan ehtiyojining 20 foizini Eron gazi hisobiga qondiradi.

Xalqaro hamjamiyat Turkiyani Erondan gaz sotib olishni to’xtatishga chaqirmoqda. Bunga javoban Turkiya energiya ta’minotida yangi hamkorlar qidirishga tushgan.

AQSh Davlat kotibi Xillari Klinton Eronga qarshi qabul qilingan xalqaro sanksiyalarga Turkiya ham qat’iy rioya qilishini ta’minlash uchun diplomatik sa’y-harakatlar olib borilayotganini ta’kidladi. Lekin “Xaberturk” gazetasining xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassisi Soli Ozel fikricha, Turkiyani bunga ko’ndirish qiyin.

“Turkiyani sanksiyalar amaliyotining ishtirokchisiga aylantirish qiyin, chunki u energiyaga bo’lgan ehtiyojining 20 foizini Eron gazi hisobiga qondiradi. Shuningdek, Markaziy Osiyoga mahsulotlarni yetkazishda ham Turkiya Eron hududidan foydalanadi. Rasmiy Anqara Eron bilan iqtisodiy aloqalarni to’la uzishiga ko’zim yetmaydi', deydi ekspert.

Turkiya chetdan xarid qiladigan neftning uchdan birini ham Eron yetkazib beradi. Iqtisodiy manfaatlari bois Turkiya Eronga qarshi bir tomonlama qabul qilingan jazo choralariga rioya qilmasligini ta’kidlab keladi. Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko’ra, mamlakat faqat BMT qabul qilgan sanksiyalargagina amal qiladi.

Energetika vaziri Taner Yildiz Turkiya energiyaga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish uchun yangi manbalar qidirayotgani tilga olgan. Ammo vazir bu harakat Eronni jazolashga qaratilmagan, deydi.

Londonda joylashgan “Beta Matriks” kompaniyasining Eron bo’yicha mutaxassisi Merxad Emadiyning aytishicha, Turkiya energiya yetkazib beruvchi yangi hamkorlarni topishda qiynalmasligi mumkin.

“Albatta, Turkiyaning 20 foizlik ehtiyoji katta raqam. Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasida ziddiyat oshib borayotgan bir paytda qirollik bajonidil turklarga xuddi o’sha narxda energiya sotishi mumkin. Turkiya bu bilan rasmiy Riyodning katta iltifotiga ham sazovor bo’ladi”, deydi mutaxassis.

Saudiya Arabistoni energiya ta’minoti bo’yicha o’z yordamini Erondan uzoqlashishni istagan boshqa davlatlarga ham taklif qilgan. Lekin Emadiyning fikricha, Anqara Eron bilan kuchayayotgan iqtisodiy aloqalarini qurbon qilishni istamaydi.

“Turkiya eronlik savdogarlar va tashqi dunyo o’rtasidagi moliyaviy pul o’tkazmalarini muvofiqlashtirishda ham muhim o’rin tutadi”, deydi Emadiy.

Turkiyaning davlatga qarashli Xalq banki Erondan sotib olingan energiya uchun to’lovlarni so’nggi oylarda nafaqat Turkiya uchun, balki Hindiston uchun ham amalga oshirib kelayotgan edi. Lekin Vashington va Bryusseldan kelayotgan bosim Turkiyani bu amaliyotdan voz kechishga undamoqda.

Yevropa Parlamenti Sotsialistlar blokining Turkiya masalalari bo’yicha vakili Richard Xovitning aytishicha, Turkiyaning Eronga qarshi sanksiyalarga rioya qilmasligi ittifoq bilan aloqalarning sovuqlashishiga sabab bo’lmoqda. Lekin so’nggi o’zgarishlar munosabatlarning yana jonlanishiga umid uyg’otmoqda, deydi u.

“Turkiya Eron masalasida sanksiyalarga qarshi chiqib, o’z obro’siga ancha putur yetkazdi. Biz bu sanksiyalarga erishish uchun BMT va ittifoq doirasida ko’p ter to’kkandik. Lekin endi Turkiya raketaga qarshi mudofaa tizimiga qo’shilib, yana safga qaytdi”, deydi Xovit.

Turkiya AQShning Eronga qarshi antiraketa mudofaa tizimiga qo’shilishini e’lon qilgach, Tehronning kuchli noroziligini uyg’otdi. Eronning yaqin hamkori Suriya hukumatiga qarshi namoyishchilarni qo’llab-quvvatlagani uchun ham Anqara Tehron tanqidiga uchradi.

Turkiya va Eron o’rtasidagi diplomatik ziddiyatlarning yuzaga kelishi ortidan yanvar oyida ikki mamlakat o’rtasidagi savdo ayirboshlash hajmi 65 foizga tushib ketdi. Turkiya bozorida eronlik savdogarlar ishtiroki 2011-yilda 41 foizga o’sgan edi.

Ushbu ziddiyatlarga qaramasdan, Turkiya Eron muammosini hal etishda muhim rol o’ynashda davom etadi, deydi xalqaro munosabatlar bo’yicha mutaxassis Soli O’zel.

“Rasmiy Tehron Anqaraga ko’proq ishonish mumkinligini biladi. Suriya va Iroqda Eron bilan raqobat davom etsada, yadro dasturi masalasida Turkiyaning vositachiligi eronliklarga foydali bo’ladi.”

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li xalqaro hamjamiyat va Eron o’rtasida yadro dasturiga doir yangi muzokaralar boshlanishidan umid qilishini aytdi.

Muvaffaqiyatsiz yakunlangan so’nggi muzokaralarga o’tgan yili Istanbul mezbonlik qilgan edi. Oradan bir yil o’tib, kuchli iqtisodiy sanksiyalar va Isroilning hujum boshlash haqidagi tahdidlari ostida muammoni diplomatik yo’l bilan hal etish ehtimoli oshsa ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG