Breaking News

Turkiya xalqaro ziddiyatlarni yechishda vositachi bo’lmoqchi


"Mintaqaviy muammolarni o'zimiz yaxshiroq bilamiz, hal qila olamiz"
"Mintaqaviy muammolarni o'zimiz yaxshiroq bilamiz, hal qila olamiz"

Turkiya xalqaro ziddiyatlarni hal qilishda asosiy vositachi, muzokara markazi rolini bajarmoqchi. Suriyadagi ahvol va Eron yadro dasturi atrofidagi janjal rasmiy Anqara uchun qaysidir ma’noda sinov.

Yaqinda Istanbuldagi xalqaro anjumanda ana shu mavzu ko’tarildi.

Tashabbus muallifi, Tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovudo’g’li Turkiya har tomonlama qulay, deydi:

“Bolqondan Markaziy Osiyogacha… Zilzila yoki tanazzul bo’ladimi, Turkiya doim bu jarayonlarning qoq markazida. Barcha ziddiyatlar bevosita yoki bilvosita Turkiyaga aloqador. Ham tarixiy, ham madaniy jabhada”.

Turkiya tashabbusi uch yondashuvni o’z ichiga oladi: vositachi rolining ahamiyatini oshirish; BMT va mintaqa doirasida muzokaraga ko’proq o’rin ajratish; Turkiyaning regiondagi mavqeini mustahkamlash.

BMT Bosh Assambleyasi prezidenti Nosir Abdulaziz al-Nosir bu taklifni qo’llab-quvvatladi.

“Mintaqaviy qarorlar, kelishuvlar zaruratinini hammamiz tushunamiz, chunki o’zimizdan chiqqan bu tashkilot va uyushmalar regiondagi vaziyatni yaxshiroq biladi. Shunday ekan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ixtiloflarni hal qilishda mahalliy kuchlarga ko’proq tayanishi lozim”, - deydi u.

Suriyada davom etayotgan qonli to’qnashuv va zo’ravonlik Istanbul anjumanida asosiy mavzulardan bo’ldi. Uzunligi 900 kilometr chegara Suriya va Turkiyani bog’lab turadi. Rasmiy Anqara qo’shni davlatdagi inqirozni tugatish uchun diplomatik choralarga zo’r bermoqda. Tanqidchilar nazarida o’zini mintaqaviy lider deb biladigan Turkiyaning Damashqqa gapi o’tmadi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Saljuq Unal muammoga yechim izlayapmiz, deydi.

“Qo’zg’olon va olishuvlar boshlangandan beri tinim bilmaymiz. Qon to’kilishi davom etar ekan, jim qarab turish yo’q. Arab Ligasi harakatlari natija bermadi, BMT Xavfsizlik Kengashi qarori muvaffaqiyatsiz tugadi. Lekin diplomatik muzokaralar to’xtamayapti. Tunis sammiti bunga yaqqol misol”, - deydi rasmiy.

“Suriya do’stlari” shiori ostida o’tgan Tunis yig’ini Suriya muxolifati tarafdorlarini bir joyga to’pladi. Kuzatuvchilar fikricha, salmoqli natijaga erishilmagan, ammo kelasi oy Istanbulda majlisning ikkinchi davrasi o’tishi kutilmoqda.

"Turkiya Eronga, Eron Turkiyaga muhtoj"
"Turkiya Eronga, Eron Turkiyaga muhtoj"
Istanbul mintaqadagi yana bir yirik muammo – Eron yadro dasturiga doir uchrashuvga ham mezbonlik qiladi.

O’tgan yili BMT Xavfsizlik Kengashida Eronni jazolashga doir hujjatga Turkiya qarshi ovoz bergan edi. Shundan so’ng Anqara va G’arbning orasi sovuqlashdi.

Ko’p o’tmay, Turkiya NATOning Eronga qarshi mudofaa tizimiga o’z hududida joy berdi; rasmiy Tehronning yaqin hamkori Suriya hukumatini tanqid qilib, xalqqa qarshi zo’ravonlikni keskin qoralab chiqdi.

“Haberturk” gazetasi muxbiri Soli Ozel fikricha, Turkiya hamon Eron bilan hamkor:

“Eron Turkiyaning ruhiy daldasiga muhtoj. Turkiya har qanday muammoga astoydil diplomatik yechim axtarayotgan mamlakat ekan, Eron ahli unga ishonadi. Bundan tashqari, biz turklar bu qo’shnimizdan gaz va boshqa xomashyo sotib olamiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG