Breaking News

Kipr masalasida Anqara keskin siyosatga o'tdi


Turkiya Prezidenti Erdog'an Kiprning turk qismi rahbari Dervis Eroglu bilan uchrashuvdan keyin. 1-sentabr 2014-yil
Turkiya Prezidenti Erdog'an Kiprning turk qismi rahbari Dervis Eroglu bilan uchrashuvdan keyin. 1-sentabr 2014-yil

Turkiyaning Kipr yaqiniga harbiy kema jo’natish haqidagi qarori diplomatik inqirozga sabab bo’lishi mumkin. Rasmiy Nikosiya bunday qadamga e’tiroz sifatida orolni birlashtirishga qaratilgan va BMT homiyligida o’tayotgan muzokaralarni to’xtatib qo’ydi. Rasmiy Bryussel ham Anqaraga bosim o’tkazmoqda. Ammo Turkiya qarorida qat’iy, deydi kuzatuvchilar.

Gretsiya NATO tashkiloti doirasidagi hamkori Turkiyani dengizda tabiiy gaz konlarini qazishga oid rejalari bilan Kiprni qo’rqitmaslikka chaqirdi. Gretsiya aralashuvi yaqinda vujudga kelgan mojarodagi so’nggi o’zgarishdir.

O’tgan oy Turkiya Kiprdagi Turk hukumatiga ko’mak tariqasida gaz zaxiralarini o’rganayotgan ilmiy kemani himoyalash uchun Kiprga o’z harbiy kemasini yuborgan edi.

Anqara Kiprdagi Turk hukumatini rasman tan olgan.

Xalqaro hamjamiyatning aksariyati tomonidan tan olingan Nikosiyadagi hukumat esa bu qadamni qoralab, BMT homiyligidagi orolni birlashtirish bo’yicha muzokaralarni to’xtatdi.

Bryusseldagi Karnegi tadqiqotlar markazidan olim Sinan Ulgen bu qarorning oqibatlari jiddiy bo’lishi mumkin, deydi.

“So’zlashuvlar jiddiy pallaga kirgan edi. Bu, ayniqsa, ahamiyatli, chunki 2004-yilda Kofi Annan tashabbusi bilan o’tkazilgan birlashish rejasi natija bermaganidan buyon ilk bor muzokaralar shuncha uzoq davom etdi va muvaffaqiyatli bo’lishi ehtimoli katta edi. Balki bu Kipr masalasida murosaga erishishning so’nggi imkonidir”, - deydi kuzatuvchi.

1974-yilda Kiprda Gretsiya homiyligida davlat to’ntaruvi yuz bergan, ko’p o’tmay Turkiya orolni bosib olgan edi. Shundan buyon orol ikkiga bo’lingan holda shimoliy hududlar turk hukumati, qolgan qismi esa poytaxti Nikosiya bo’lgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan orolning yagona hukumati sifatida e’tirof etilgan Kipr respublikasi nazoratida. Kipr Yevropa Ittifoqi a’zosi hamdir.

Rasmiy Anqara Kiprning turk hukumatiga qarashli suvlarida gaz izlayotganini ta’kidlamoqda. Biroq rasmiy Nikosiya orol atrofidagi barcha suvlar Kipr respublikasiga tegishli ekanini da’vo qiladi.

Har gal Kiprda ahvol taranglashsa, Yevropa Ittifoqi Turkiyaga bosim o’tkazadi. Hozir ham shunday bo’lyapti. Biroq tahlilchi Ulgen nazarida, bunday bosimlar katta ahamiyatga ega emas.

“O’tmishga qaraganda bugun Yevropa Ittifoqining Turkiyaga ta’siri juda kam. U Turkiyani Ittifoqqa a’zolikka oid muzokaralarni to’xtatamiz, deb qo’rqita olmaydi, chunki mana to’rt yildirki, muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib qolgan”, - deydi Ulgen.

Rasmiy Vashington fikricha, so’nggi mojarolar xavotirga molik, ammo gaz va neft konlari topilsa, u Kiprni birlashtiruvchi omil vazifasini bajarishi kerak.

Hozirda xalqaro hamjamiyat uchun eng dolzarb masalalardan biri – “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurashdir. Turkiyaning bu kurashdagi roli katta. Buni tushungan rasmiy Anqara boshqa jabhalarda dadilroq qadam tashlamoqda.

“Anqara qarorida qat’iy, mintaqada Turkiya ham, butun dunyo ham jiddiy tahdidlarga yuz tutmoqda. “Iroq va Shom Islomiy davlati” faoliyatini nazarda tutyapman. Turkiya bu kurashda asosiy rol o’ynashi mumkin. Anqara Kipr mojarosi yuzasidan xalqaro hamjamiyat uni yakkalab qo’ymasligini yaxshi biladi”, - deydi Ulgen.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an yangi kuchli Turkiyani barpo etish yo’lidan borayotganini ta’kidlaydi. Kuzatuvchilar fikricha, G’arb davlatlari uchun Anqara muhim hamkorligicha qolar ekan, u Kiprga nisbatan siyosatini o’zgartirmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG