Breaking News

Turkiya Suriyaga qarshi harbiy chora ko'radimi?


Turkiya harbiy yuk mashinasi raketa uchiruvchi moslamani Suriya chegarasiga keltirmoqda, 28-iyun, 2012-yil.
Turkiya harbiy yuk mashinasi raketa uchiruvchi moslamani Suriya chegarasiga keltirmoqda, 28-iyun, 2012-yil.
Suriya Turkiyaning qiruvchi samolyotini urib tushirgach, rasmiy Anqara chora ko’rishini aytmoqda. Ayrimlar nazarida bu faqat do’q-po’pisa, aslida Turkiya mojaroga aralashishni istamaydi.

Turkiya bosh vazirining bildirishicha, agar ikki mamlakat o’rtasidagi 900 kilometrlik chegaraga Suriya harbiylari yaqinlashgudek bo’lsa, ular nishon sifatida ko’riladi.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Saljuk Unal bu mudofaa chorasi, deydi.

Shunchaki chegaramiz xavfsizligi haqida o’ylayapmiz. Chegarani buzish xayolimizda yo’q. O’tgan hafta Suriya vertolyotlari besh marta havo hududimizni rusxatsiz kesib o’tgan. Har kuni shunga o’xshash maydaroq voqealarga guvoh bo’lyapmiz, deydi rasmiy.

Qodir Xos universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis Soli O’zelning aytishicha, Suriya olov bilan o’ynashmoqda. Oqibati yaxshi bo’lmaydi.

Umid qilamanki, Suriya Anqara ogohlantirishini jiddiy qabul qilib, chegaralarimizga yaqinlashmaydi. Shunday bo’lgan taqdirda o’ziga yarasha xavfsizlik zonasi yaratilgan bo’ladi. Aks holda turk qo’shinlari jim turmaydi, deydi tahlilchi.

Suriyadagi isyonchi guruhlar va muxolifat qochqinlar va isyonchilar uchun chegarada xavfsizlik zonasini yaratishga ko’pdan beri chaqirib keladi. Erdog’an bu taklifni dekabr oyida o’rtaga tashlagan edi. Anqara Suriya muxolifatiga yaqindan yordam berib keladi, ammo Bashar al-Assad rejimiga qarshi kurashayotgan guruhlarni qurollantirayotganini inkor etadi.

Sobiq turk diplomati, Istanbuldagi Edam tadqiqot instituti rahbari Sinan Ulgenning aytishicha, Turkiya samolyotining urib tushirilishi rasmiy Anqarani Suriya muxolifati bilan ochiq aloqa qilishga majbur etishi mumkin.

Ayrim xabarlarga ko’ra, Turkiya uning hududi orqali Suriya muxolifati uchun qurollarning o’tishiga ko’z yummoqda. Endi esa bu kuchayishi mumkin, garchi rasmiy pozitsiyasi o’zgarmasa-da, deydi Ulgen.

Biroq siyosiy tahlilchilar nazarida hukumatning Suriyaga qarshi qattiq pozitsiyasiga turk jamoatchiligi xayrixohlik bildirmayapti. Samolyot urib tushirilmasidan oldin aksariyat turklar Suriya ichki ishlariga aralashishga qarshi chiqdi. Ammo bu noxush voqea ham xalqni qattiq g’azabga solmadi.

“Milliyet” gazetasi muxbiri Semix Idizning aytishicha, odamlar qo’shni davlatlar bu ahvolga qanday qilib tushib qolganiga hayron. “Suriya bilan jiqqalashishdan bizga nima foyda, Turkiya manfaatlari aralashmagan bir vaziyatda nega urush holatiga yaqinlashyapmiz” degan savollarni ko’p eshitasiz, deydi jurnalist.

Istanbul ko’chalarida samolyotning urib tushirilishi, chegaradagi vaziyat, Suriya bilan aloqalar, urush ehtimoli haqida ko’p gaplarni eshitish mumkin.

Samolyotimizni Suriyaga yubordik, uni urib tushirishdi, yana nima xohlaysiz? Bu tabiiy hol, deydi bu odam.

Ammo mana bu kishi nazarida Suriya xato qildi. Endi ehtiyot bo’lishi kerak. Har holda urush yaxshi emas, deydi u.

Bosh vazir Erdog’an ham urush ehtimolini hisobdan chiqarmoqda.

Tahlilchi Soli O’zelning aytishicha, davlat rahbari qiyin ahvolda. Bir tomondan u Assad rejimiga chek qo’ymoqchi bo’lgan kuchlarga yordam bermoqchi, ammo boshqa tomondan mojaroga kirmoqchi emas.

Eng yaxshi usul Suriyaga bosim qo’yib, unga do’q-po’pisa qilish, ammo unga qarshi qachon va qanday harakat qilish kerakligini aniqlashtirish shart emas, deydi O’zel.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG