Breaking News

Xorijdagi uyg’urlar Xitoydagi yaqinlari taqdiridan xavotirda


Qashg'ar

Xorijda yashovchi uyg’urlar Xitoyda g’oyib bo’lgan yaqinlarining taqdiri yuzasidan xavotir bildirib, ularning ahvoli haqida ma’lumot olish uchun o'zlari yashab turgan mamlakatlari hukumatlaridan Pekinga bosim qo’yishni so’ramoqda.

Xitoy hukumati mamlakatning uyg’urlar istiqomat qiluvchi g’arbiy qismidagi Shinjon viloyatida diniy ekstremizm kuchayganini aytib, bu elat vakillarini siquvga olmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, bir milliongacha uyg’urlar terrorizm, bo’lginchilik, ekstremizm aybi bilan qayta tarbiyalash lagerlarida o’z xohishiga qarshi saqlanmoqda.

Pekindagi rasmiylar bu ayblovlarni inkor etarkan, amaldagi siyosat faqat islomiy jangarilar va bo’lginchilarga qarshi qaratilganini bildiradi.

“Amerika Ovozi” oila a’zolari ana shunday lagerlarga olib ketilgan bir necha uyg’ur bilan suhbatlashdi.

Ulardan biri Gulgin Mamut bo’lib, uning 18 yashar o’g’li Pakzat Qurbonjon ikki yil oldin hibsga olingan, onaning o’zi Turkiyada siyosiy boshpana olishga majbur bo’ldi.

“O’g’limni Urumchi shahar aeroportida ushlashdi. Uyga ketayotgan edi. Uni davlatga qarshi fitnada ayblashib, 13 yilga qamashdi. Aslida unga qarshi ayblovning o’zi davlatga qarshi fitnadir”, - deydi mahbusning volidasi.

Pakzat Qurbonjon avval balog’at yoshiga yetmaganlar koloniyasida saqlandi, o’tgan yil avgustida uni konsentratsion lagerga ko’chirishdi, deydi onasi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, inson huquqlari tashkiloti, qudratli davlatlardan o’g’lim va u kabi ko’plab begunoh uyg’urlarni Xitoy qamoqxonalaridan ozod etishda yordam so’rayman”, - deydi Gulgin Mamut.

“Amerika Ovozi”ga dardini to’kkan yana bir ayol Amina Muhammadjon. U ham Turkiyada yashaydi. Uning qizi Gavhar Najot ham Urumchida ushlangan, onasi bilan ko’rishish uchun Turkiyaga ketmoqchi bo’lganida.

“Menga qamalgani haqida xabar berishdi, xolos. Qayerdaliginiyam, qanchaga qamashganiniyam bilmayman. Ahvolidan bexabarman. Yaqinda bir yarim yil bo’ladi”, - deydi Gavharning onasi.

Qattiq nazorat

Gulgin va Amina kabi qadrdonlaridan ayrilgan ko’plab uyg’urlar bor. Xorijdagi uyg’ur jamoalari a’zolarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Shinjonda internet va telefon aloqasi qattiq nazoratga olingani bois ozodlikda yurganlar ham xorijdagi oila a’zolari bilan gaplasha olmaydi.

2013-yilda Misrga qochgan 35 yashar Hasanjon Abdukarimning aytishicha, u 2017-yil boshidan beri uydagilari bilan aloqa qilmagan. Hasanjon qamalishi mumkinligini sezib, Xitoyni tark etishga majbur bo’lgan.

“2013-yil 5-iyulida qizim tug’ilib, unga ism berish uchun uyga bormoqchi bo’lganimda onam qaytmasligimni tayinladi. Mirshablar uyga kelib, pasportimni so’rashgan ekan. Endi tug’ilgan farzandimni ko’rish nasib qilmadi ham”, - deydi Abdukarim “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

U Shinjonga biznes qilish uchun borgan qirg’izistonlik savdogarlardan oilasi haqida surishtirishni so’raganida, unga 65 yashar otasining 15 oy oldin qayta tarbiyalash lageriga jo’natishganini ma’lum qilishdi.

“Otamda nima ayb? Hech qanaqa jinoyatga qo’l urmagan bo’lsa! Inson huquqlarini oyoqosti qilishyapti-ku! Na erkinmiz, na emin. Otamni meni deb qiynashayotgani meni ruhan azobga solmoqda”, - deydi u.

“Xalqaro Amnistiya” hisoboti

Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining o’tgan hafta chop etgan hisobotida aytilishicha, Xitoydagi qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanayotgan mahbuslarga xitoy madaniyati majburan singdirilmoqda. Bunga qarshilik ko’rsatganlar, ta’limotlarni yaxshi o’zlashtirmayotganlar kaltaklanmoqda yoki ularga nisbatan qiynoqlarning boshqa usullari qo’llanilmoqda.

“Bu lagerlarda mahbuslar tashviqotga uchraydi, qiynoqqa solinadi, jazolanadi”, - deydi tashkilotning Sharqiy Osiyo bo’limi direktori Nikolas Bekvelin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG