Breaking News

Ukraina sharqida isyonchilarga qarshi amaliyot boshlandi. Qurbonlar bor


Qurollangan rossiyaparast faollar sharqdagi Kramatorsk shahrida ichki ishlar boshqarmasini egallamoqda, 12-aprel, 2014-yil
Qurollangan rossiyaparast faollar sharqdagi Kramatorsk shahrida ichki ishlar boshqarmasini egallamoqda, 12-aprel, 2014-yil
Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakovning aytishicha, Kiyevdagi muvaqqat hukumat Slavyansk shahrida aksil-terror amaliyot boshlagan. Xavfsizlik kuchlariga shahar hokimiyatini rossiyaparast odamlardan tozalash buyurilgan.

Avakovning aytishicha, militsiya o’qqa tutilgan, o’rtada otishma boshlanib, xavfsizlik kuchlaridan bir odam o’lgan, besh nafari yaralangan. Mahalliy faollardan esa bir kishi nobud bo’lgan, ikkisi jarohat olgan.

Ukraina hukumati sharqiy viloyatlarda referendum o’tkazishni talab qilayotgan odamlarni separatist deb atab, Rossiyani bu harakat ortida turganlikda ayblamoqda.

Kecha Donetsk va Xramatorsk shahrida ham mahalliy ruslardan iborat guruhlar ichki ishlar boshqarmasini o’z nazoratiga olgan.

Ayrim joylarda mahalliy militsiya qarshilik ko’rsatmagan. Hukumat Donetsk ichki ishlar boshqarmasi boshlig’ini ishdan olgan.

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali gaplashib, Ukraina sharqidagi vaziyat xususida xavotir bildirgan.

“Agar Rossiya ahvolni yumshatish uchun chora ko’rmasa va Ukrainaga qo’shinlarini kiritsa, unga nisbatan qo’shimcha jazo choralari qo’llanadi”, - dedi Kerri.

Oq uyga ko’ra, Ukrainadagi separatist guruhlar Rossiyadan madad olmoqda.

Lavrovning bildirishicha, rasmiy Kiyev sharqdagi rus aholi ehtiyojlari va manfaatlarini inobatga olmagani uchun inqiroz kelib chiqqan.

"Agar muvaqqat hukumat namoyishchilarga qarshi kush ishlatsa, ahvolni yumshatishga qaratilgan diplomatik harakatlar izdan chiqadi", - dedi Lavrov.

Moskva Ukrainadagi voqealarni ichki mojaro deb unga aloqasi borligini inkor etmoqda va qo’shni davlat unga gaz uchun 2,2 milliard dollar qarz ekanini aytadi. Gazprom bundan keyin gaz uchun pulni oldindan olishni rejalamoqda.

17-aprel kuni Jenevada AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Ukraina diplomatlari uchrashib, mavzu bo’yicha fikr almashadi. AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden 22-aprel kuni Kiyevga boradi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG