Breaking News

Yaqin orada chet elliklar ham Ukraina armiyasiga yozilishi mumkin


Ukraina sharqiy hududlarda jang qilayotgan xorij fuqarolarini mamlakat armiyasida xizmat qilishiga rasman ruxsat bermoqchi.

Yaqin orada chet elliklar ham Ukraina armiyasiga yozilishi mumkin - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:45 0:00

Prezident Petro Poroshenkoning ogohlantirishicha, hozir sharqda jang qilayotgan rossiyalik askarlar soni maksimal nuqtaga yetgan va Moskva keng ko'lamli bosqinga hozirlik ko'rmoqda.

Yakunlanayotgan haftada Donetskda to'qnashuvlar yana avj oldi. Hukumat kuchlari ham, ayirmachilar ham talafot ko'rgan.

Poroshenko matbuot anjumanida ayirmachilar nazoratidagi sharqiy viloyatlarda to'qqiz ming rus harbiysi jang qilayotgani, Ukraina hujumlarga tayyor turishi lozimligi haqida gapirdi.

Parlamentda esa chet el fuqarolarining Ukraina armiyasida xizmat qilishi, Ukrainani himoya qilayotgan legionerlar maqomini aniqlovchi qonun muhokama qilinmoqda.

Ukrainadagi ko'ngilli batalyonlar tarkibida turli millat vakillarini, jumladan, gruzin, ozarbayjon, chechen va o'zbeklarni uchratish mumkin. Ayni paytda birinchi muhokamadan o'tgan bu qonun loyihasi xorijlik ko'ngillilarga Ukraina mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish huquqini, shuningdek, ularning maqomi va ijtimoiy ta'minotini belgilab beradi.

Lugansk viloyatida jang qilayotgan Yo'ldosh ismli o'zbek shunday deydi:

“Men qurollangan, katta bir davlatning kichkina bir davlatga o'tkazayotgan zug'umiga, yerini tortib olayotganiga qarshi jangga otlangan odamman. Ukrainlar bizni xalqqa juda o'xshaydi, qabul qilinayotgan yangi qonun haqida eshitdim, bundan xursandman. Bu menga o'xshagan ko'plab ko'ngillilarga ham yordam bo'ladi, buning uchun ularning hukumatiga rahmat”.

Ukrainadagi ozarbayjonlar diasporasi yetakchisi, volontyorlardan iborat “Internatsional batalyon” tashkilotchilaridan biri Guseyin Haganiga ko'ra, Ukraina mojarosi sobiq ittifoq davlatlaridagi siyosiy vaziyatlar rivojini belgilab bermoqda.

“Biz xohlaymizmi, yo'qmi, bugun sobiq ittifoq davlatlari Ukraina majorasiga tortilishgan. Bizning guruh tarkibini asosan sobiq ittifoq fuqarolari tashkil qiladi. Hozir faqat Ukraina yoki Yevropa xavfsizligi masalasi hal qilinmayapti, balki Rossiya imperiyasidan xalos bo'lishga intilayotgan davlatlar xavfsizligi masalasi ham aynan Ukrainada vaziyat qanday rivojlanishiga bog'liq", - deydi u.

Qrimning ishg'ol qilinishiga sobiq ittifoq, xususan, Markaziy Osiyo davlatlarida rasmiy munosabat asosan Rossiya foydasiga yangradi. Ukraina mustaqilligi va yaxlitligini qo'llab bayonot bergan rasmiy Toshkent pozitsiyasi esa ajralib turadi.

Vatani ishg'ol qilingan qrim-tatar faollari turkiy qardoshlardan iborat bo'lgan Markaziy Osiyodagi bu pozitsiyadan tushkunlikda emas, ammo bunday bosqin mintaqa boshiga ham tushishi mumkinligidan ogoh etishadi.

“Turkiy davlatlar orasidan faqat Turkiya Qrim bosib olinishiga qarshi aniq va keskin bayonot bilan chiqdi. Ammo, afsuski, boshqa turkiy davlatlar Qozog'iston, Qirg'iziston yoki O'zbekistondan biz bu ishg'olni qoralovchi keskin bayonotlar eshitmadik. Ukrainaga qarshi urush ochilishini bu turkiy davlatlar qo'llaydigan bo'lishsa, ertaga Putinizm, bosqinchilik siyosati ularning vatanlarida ham takrorlanishini unutmasliklari kerak”, - deydi “Qrim” axborot agentligi rahbari Ismat Yuksal.

Qrim Rossiyaga qo'shib olinishi ortidan Ukraina sharqida ham mojaro boshlandi. Rossiyaparast ayirmachilar Donetsk va Lugansk viloyatlarini mustaqil respublikalar sifatida e'lon qilishdi.

BMTga ko'ra, hukumat kuchlari va ayirmachilar o'rtasidagi to'qnashuvlarda hozirgacha 6400 dan ortiq kishi qurbon bo'lgan.

“Qrim” axborot agentligi rahbari Ismat Yuksal:

Ismat Yuksal: Ukrainadagi bosqin Markaziy Osiyo boshiga ham tushishi mumkin
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:37 0:00

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG