Amerika ukrainalik fotosuratchi nigohida

  • Amerika Ovozi

Zamonaviy tarix. Siyosiy o’zgarish. Urbanizatsiya. Hissiyot. Ranglar. Vashingtonda ijod qiladigan ukrainalik fotosuratchi Val Prudki uchun hayotning har bir manzarasi san’at asariga aylanishi mumkin.

Virjiniya shtatining Aleksandriya shahri ko’chalarini kezar ekan, Val Prudki ko’zi oldidagi narsalarni tinimsiz suratga oladi. Har bir ko’rinishga yangicha qirradan qarashga urinadi.

Ukrainadan ko’chib kelganiga 20 yilcha bo’libdi. Shundan beri Amerika poytaxtidagi hayotni o’z ijodida xatlab keladi.

"Bu yerda mustaqillik bayrami, odamlar aks etgan", - deya u rasmlarini ko’rsatadi.

Oq uy, Linkoln yodgorligi kabi qadamjolarni aks ettirgan suratlari elga tanilgan. Lekin uning fikricha, Vashington hamon ochilmagan dunyo.

“Rang-barang…Mahallama-mahalla kezsangiz, serqirra manzaralar sizni o’ziga maftun qiladi. Qarab to’ymayman”, - deydi suratchi.

Kongress joylashgan Kapitoliy atrofidagi ko’chalar, Val Prudki nazarida, zamon va o’tmishni birdek mujassam etadi. Suratlari sovrin olgan.

“Shanba kuni edi…Yomg’ir yog’ayotgan edi. Ko’chalarda odam kam. Kameramni oldimda, tashqariga chiqdim. Ko’rganlarimni suratga oldim. O’sha paytda ko’chada maza qilib yurgan odamlarni uchratdim. Bir kishi saksafon chalayotgan edi. Elga tanilgan artist ekan. Sayyohlarni uchratdim. Musiqa ularga orom bag’ishlayotganini suratga tushirdim”, - deydi Prudki.

Vashingtonda ommaviy tadbirlar va festivallar ko’p o’tadi. Butun mamlakatdan ularga kelishadi.

“Olchalar gullagan paytda hammaning qo’lida fotoapparat. Qancha suratga olish mumkin? Manzaradan bahra oling, deyman odamlarga. Lekin o’sha lahzani xatlashni ham xohlaymiz. Kimlarni uchratmaysiz…Ranglar bayrami bu. Turli elat, din va irq vakillari. Odamlar va tabiat qorishib ketgan manzara. Men unga boshqalar qarayotgan burchakdan, qirradan nazar tashlayman”, - deydi Prudki.

Vashington siyosiy markaz ekani uchun bu yerda siyosatdan chetda yura olmaysiz. Unga befarq ham bo’la olmaysiz. Prezident inauguratsiyasi, namoyishlar, hammasi suratlarda.

Val Prudki sakkiz yil oldingi suratini ko’z-ko’z qiladi. Barak Obama, prezidentlikning ilk kunlarida.

“Senator Makkeyn va Prezident Obama. Yosh bolaning ko’zi Obamada. Afro-amerikalik keksaning nigohi esa Makkeynda. Qiziq bir ko’rinish. Tarix va bugungi kun haqida o’ylatadi sizni. Yangi avlod, keksa avlod. Tafovut bor. Oq uyda ishlaydigan tanishlarim bor edi. Ular orqali bu suratga prezident imzosini oldim. Faxrlanaman bu asarim bilan”, - deydi u.

Suratkash o’zini muhojir deb biladi. Amerikaga o’zgacha ko’z bilan qaraydi. Shu bois ham uning ishi ommaga ma’quldek.

“Men ukrainman. Vatanga borganimda ikki kun ichida o’zimga kelib olaman va xuddi hech qayerga bormagandekman. Qizig’i, Ukrainadan Amerikaga qaytganimda ham shunday his qilaman. Xuddi bu yerda bir umr yashagandek. Ikki yurt, bir tuyg’u, bir mehr-muhabbat. Ildizim ikki yerda. Turlicha yurtda”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG