Breaking News

Sharqiy Ukrainadagi referendumda ayirmachilar g'alaba qozonganini da'vo qilmoqda


Referendumdan keyingi ovozlarni sanash jarayoni, Donetsk, 11-may, 2014-yil.
Referendumdan keyingi ovozlarni sanash jarayoni, Donetsk, 11-may, 2014-yil.
11-may kuni sharqiy Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarida Ukraina tarkibidan ajrab chiqish haqida rossiyaparast ayirmachilar tashkil etgan shoshilinch referendum bo’lib o’tdi.
Sharqiy Ukraina referendumi, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:40 0:00
Yuklab oling
Donetsk shahridagi ayirmachilar referendumda qatnashganlarning 89 foizi Ukrainadan ajrab chiqish uchun ovoz berganini ta'kidlamoqda. Ular, shuningdek, ovoz berishga layoqatli aholining 75 foizi referendumda qatnashganini da'vo qilmoqda. Ularga ko'ra, qatnashchilarning 10 foizi Ukrainadan ajrab chiqishga qarshi ovoz bergan.

Xabarlarga ko’ra, ovoz berish davomida zo’ravonlik va firibgarlik holatlari keng kuzatilgan. Birdamlik tarafdori bo’lgan faollarning aytishicha, kun bo’yi ayrim shaxslarning bir necha bor ovoz berishi holatlari ko’p kuzatilgan.

Ayirmachilar tashkil etgan saylov komissiyasi raisi Roman Lyaginning aytishicha, bir odamning bir necha marta ovoz bergani haqidagi xabarlar asossiz. Chunki saylov uchastkalarida fuqarolar bir marta ovoz berish uchun yarim soatdan ortiq navbatda turdi, deydi u.

Kiyevdagi o’tish hukumati referendumni noqonuniy deb e’lon qildi.

Ovoz berish varaqasiga faqat bitta savol qo’yilgan: Viloyatlar mustaqil respublikalarga aylanishi kerakmi?

Ajralishga qarshi bo’lgan ko’plab fuqarolar referendumda ishtirok etmagan.
Ovoz bergan ayrim fuqarolarning aytishicha, so’nggi paytlarda yuz bergan zo’ravonliklar ortidan ular mustaqil bo’lishdan boshqa chora ko’rmayapti.

Hukumat binolarini egallab olgan ayirmachilarga qarshi Kiyevning harbiy amaliyot boshlagani ko’plab mahalliy aholi vakillarini norozi qildi.

Odessada yuz bergan to’qnashuv va yong’inda kamida 42 odam halok bo’ldi. Mariupoldagi otishma esa 20 odamning hayotiga zomin bo’ldi. Alek ismli 23 yoshli yigit Kiyevdan norozi fuqarolardan biri.

“Men bugun ovoz berdim. Chunki Odessa va Mariupolda yuz bergan hodisalardan so’ng Ukrainaning birligini saqlab qolish imkonsiz. Undan ko’ra ajrab chiqqanimiz yaxshi”, - deydi u.

Rasmiy Kiyev ixtiloflar bo’y cho’zgan ilk pallada vaziyatni nazorat qila olmadi. Dastlab, qurollangan shaxslarga qarshi harakat qilishda sustkashlikka yo’l qo’ygan bo’lsa, keyinroq keng miqyosli harbiy amaliyotga qo’l urushi noroziliklarni kuchaytirib yubordi.

Markaziy Donetskning Pushkin ko’chasida yashovchi 81 yoshli Mariya ismli keksa ayol ham ovoz berishga chiqdi. Uning aytishicha, Kiyevda hukumatni qaroqchilar egallab olgan va ular odamlarni tiriklayin yoqmoqda.

Kiyevga nisbatan qo’rquvning kuchayishida Moskva mavqeini qo’llab-quvvatlovchi rus ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarning o’rni katta. Ushbu xabarlarda tartibni qayta tiklashga urinayotgan Kyev xatti-harakati II Jahon urushi davrida fashistlar amalga oshirgan reydlarga qiyoslanmoqda.

Kiyev mahally fuqarolarni tinchlantirishga ko’p e’tibor bermay, asosan, separatistlardan hududlarni qaytarib olish kampaniyasiga zo’r bermoqda.

Natijada zo’ravonlik kuchayib bormoqda. Mariupol shahrida ayirmachilar mahalliy politsiya rahbarini osib o’ldirgani haqida ma’lumotlar bor. Krasnoarmeysk shahrida esa birdamlik tarafdorlari referendumning o’tkazilishiga yo’l qo’ymagan.

Tahlilchilar o’tkazilgan referendumning xalqaro talablarga javob bermaganini va unda firibgarliklar ko’p uchraganini ta’kidlamoqda.

Saylov komissiyasi rahbari Roman Lyagin bunday tanqidlarning asossiz ekanini ta’kidlashda davom etmoqda. Uning aytishicha, saylovchilar ro’yxati 2012-yilgi saylov paytidagi ma’lumotlar asosida tiklangan va unga eski ro’yxatda bo’lmagan qo’shimcha odamlarning nomi kiritilgan. Shuningdek, u nomi qayd etilmagan, ammo saylov uchastkasiga kelgan odamlarning ham ovoz berishiga qarshilik qilinmaganini aytadi.

G’arb mamlakatlari sharqiy Ukrainadagi ayirmachilar tomonidan tashkil etilgan referendumning Rossiya rejasi asosida amalga oshirilganini aytmoqda. AQSh referendumning noqonuniy ekanini ta’kidlab, uning ortida turgan Rossiyaga nisbatan qattiqroq jazo choralarini qo’llashi haqida ogohlantirgan.

Respublikachi senator Kelli Ayotning aytishicha, sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining barcha jabhalariga tatbiq etilishi lozim.

“Qrimda o’ynalgan o’yinning aynisi endi sharqiy Ukrainada amalga oshirilmoqda. Rossiyaliklar beqarorlik yaratish uchun isyonkorlarni qo’llash uslubidan foydalanmoqda”, - deydi u.

Demokrat senator Kris Merfi ham Rossiyaga nisbatan og’irroq jazo choralari qo’llanilishi tarafdori. Ammo bu ishni AQSh bir o’zi amalga oshirmasligi kerak, deydi u.

“Sohalar bo’yicha tatbiq etiladigan sanksiyalarni qo’llashda yevropaliklarni faolroq bo’lishga ko’proq undashimiz kerak”, - deydi u.

Kuzatuvchilarning aytishicha, Donetsk va Lugansk referendum asosida o’zini mustaqil deb e’lon qilsa, Rossiya ularni o’z tarkibiga qo’shib olish harakatini boshlaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG