Breaking News

BMT: "Boko Haram" vahshiyliklarining oxiri ko'rinmayapti


"Boko Haram" shafqatsiz kuch, deydi Kamerun fuqarolari
"Boko Haram" shafqatsiz kuch, deydi Kamerun fuqarolari

BMT Inson huquqlari bo’yicha bosh komissari chiqargan hisobotda “Boko Haram” terror guruhi Nigeriya shimoli-sharqi hamda qo’shni Kamerun, Chad va Nigerda sodir etgan xunrezliklarni batafsil yoritiladi. “Boko Haram”dan aziyat chekkanlarning Nigeriya xavfsizlik kuchlari hamda mahalliy hokimiyat tomonidan tazyiq ostiga olingani ham qayd etiladi.

Masala aprel oyida BMTning Inson huquqlari kengashida ko’rib chiqilganidan buyon “Boko Haram” zo’ravonliklari ko’lami kamaymagan.

Guruhning sobiq asirlari hamda hujumlardan omon qolganlar bilan suhbatlar shuni ko’rsatganki, bunday ta’qiblar oylar emas, balki yillar davom etgan.

Qatliomlar, qishloqlarni tag-tugi bilan yoqib yuborish, odamlarni qiynoqqa solish, ommaviy ravishda kattalar va bolalarni o’g'irlash – “Boko Haram” amalga oshirgan jinoyatlardan.

BMTning Inson huquqlari bo’yicha bosh komissari Zeid al-Hussaynning aytishicha, Nigeriyadagi hujumlarda omon qolganlar qiz va ayollar o’g’irlanishidan oldin erkak va o’g’il bolalar yoppasiga qatl etilgani haqida so’zlagan.

So’nggi bir yil ichida “Boko Haram” hujumlariga Kamerun, Chad va Niger fuqarolari ham uchragan.

Bunday harakatlarni qoralar ekan, Zayd al-Hussayn Nigeriya harbiylari sodir etgan zo’ravonliklarni ham qoraladi.

“Jangarilar qo’lidan ozod etilganlarning hukumatga qarashli kuchlar tomonidan tazyiqqa uchrashi, “Boko Haram” iskanjasidan ozod etilganidan keyin ular yana hukumat hibsxonalarida o’tirgani haqidagi iddaolar meni chuqur xavotirga soldi”, - dedi BMT rasmiysi.

Nigeriya Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajarayotgan Bulu Lolo mamlakat “Boko Haram” bilan kurashda xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj, deya bayonot berdi.

“Boko Haram”ning “Islomiy davlat” bilan birlashishi biz uchun tashvishli xabar, chunki bu al-Shabab va al-Qoida kabi guruhlardan tarkib topgan terror zanjiri yana bir bo’g’inga ko’payganini anglatadi,” – dedi u.

Nigeriya rasmiysi, shuningdek, terror guruhlari uyushmasi faoliyati nafaqat Nigeriya va butun Afrika bo'ylab, balki butun dunyo uchun og’ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG