Myanmada musulmonlarga nisbatan noinsoniy munosabat, jinoyatlar

  • Amerika Ovozi

Indoneziya ko'chalarida musulmonlar Myanma hukumatini qoralab, namoyishda

BMT chiqargan hisobotda Myanma (sobiq Birma) shimolidagi Rakxayn viloyatida musulmon aholi doimiy azobda ekanini qayd etiladi. Bolalar, ayollar, erkaklar - musulmonman degan odam zo'rlanadi, do'pposlanadi, qiynoqqa solinadi yoki bedarak ketadi. Yangi hisobotning mazmuni shu.

Bangladeshga o'tgan yildan beri 66 ming musulmon qochgan. BMT yuzlab qochqinlar bilan muloqot qilgan.

BMT tekshiruvchisi Linnea Arvidsson deydiki, u gaplashgan har bir qochqin Myanmada qiynoqqa solingan. Xotin-qizlarning yarmi zo'rlangan.

Arvidssonga yuzlab ayollar boshdan kechirganlarini aytib berar ekan, ularning hammasi jinsiy tajovuzga uchragani ma'lum bo'lgan.

"Bir ona, masalan, uni zo'rlashayotganida bolasi yig'laganini, tajovuzkorlar bolasiga pichoq tortib, uni zo'rlashda davom etganini aytib berdi", - deydi Arvidsson.

Qochqinlar bilan suhbatlar ketidan ekspert ruhan qiynalib, hatto mutaxassis yordamiga muhtojlik sezganini tan oladi.

"Bu insonlar boshdan kechirgan dahshatni hazm qilish mumkin emas", - deydi Arvidsson.

Rakxayn viloyati, Myanma
Rakxayn viloyati, Myanma

BMTning Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili Ziyod Raad al-Husayn:

"Qanday inson onasini emaman deb turgan go'dakni o'ldiradi?"

Myanma hukumati insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib, sudga tortilishi mumkin, chunki BMT ekspertlari vaziyatni shunday sarhisob qilmoqda.

Hukumat esa Rakxayn viloyatidagi ahvolni o'zi alohida o'rganib, tahlil qilayotganini bildiradi.

"BMT chiqargan hisobotda ko'p narsa bo'rttirilgan", - deydi Myanma prezidenti idorasidan Zo Tay.

"Hozirda tekshiruv ketmoqda. Agar haqiqatdan ham aholi shu qadar azoblangan bo'lsa, javobgarlar sudga tortiladi."

Rohinja musulmonlari deya tanilgan ko'chmanchi guruh uzoq davrdan beri Myanmada yashasada, fuqarolikka qabul qilinmagan. Tub aholi orasida ularga nafrat kuchli. Qashshoqlik hukmron hududda ularga kelgindi va shundoq ham oz imkoniyatlar uchun kurashayotgan "ortiqcha odamlar" deb qarashadi.

Rakxayn viloyati, Myanma
Rakxayn viloyati, Myanma

Arvidsson deydiki, mahalliy amaldorlar musulmonlarga nisbatan jinoyatlarga ataylab ko'z yumadi. Ularning uylari yoqib yuboriladi. Omma ko'zi oldida xotin-qizlarni zo'rlashadi, erkaklarni qiynashadi. Lekin hech kim chora izlamaydi. Izlaganlar bosimga uchraydi.

Xavfsizlik kuchlari va harbiylar yuzlab uylarni, maktab, bozor, do'kon, madrasa va masjidlarni barbod qilgan, aksariyatiga o't qo'yilgan.

Odamlar uxlab yotganida, kutilmagan paytda hujumlar qilinadi. Huquq-tartibot organlari musulmonlarni himoya qilmaydi.

BMT Myanma hukumatini vijdonan va qonun ish tutishga undar ekan, bu davlat jinoyatlarni tan olishga shoshmayapti. Masala yaqin orada BMT Xavfsizlik Kengashida muhokama qilinib, turli chora turlari ovozga qo'yilishi kutilmoqda.

Malayziya Bosh vaziri Najib Razzoq Rohinja musulmonlariga madad berishga chaqirayotgan liderlardan. Bu davlatdan yaqinda 2500 tonnaga yaqin mahsulotlar yuborildi. Lekin Myanma hukumati bu yordam yo'lini to'smoqda, deya bildirmoqda insonparvarlik tashkilotlari. Yuk poytaxt Rangonga bormasligi kerak, deydi faollar, uni to'g'ri Rakxayn viloyatiga yo'naltirgan ma'qul chunki yo'l-yo'lakay hammasi o'g'irlanadi yoki toptaladi.

BMT Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili Ziyod Raad al-Husayn
BMT Inson huquqlari bo'yicha maxsus vakili Ziyod Raad al-Husayn

Rohinja musulmonlari qo'shni davlatlarga qochgan, jumladan Bangladeshga
Rohinja musulmonlari qo'shni davlatlarga qochgan, jumladan Bangladeshga

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG