Breaking News

BMT Suriyada aholiga qarshi zaharli gaz qo'llanganini tekshirmoqda


Suriya hukumati isyonchilar nazoratidagi Halab shahrida kimyoviy qurol qo’llaganmi? Birlashgan Millatlar Tashkiloti shu haqda tergov boshladi. Xabarlarga qaraganda, xlor gazidan to’rt kishi o’lgan. Bunday hujum urush jinoyati hisoblanadi.

Halab shahri atrofida bir oydan buyon shiddatli janglar ketmoqda. Suriyadagi ikkinchi eng yirik shaharni hukumat kuchlari o’rab olgan.

Oddiy odamlar uchun eng xatarli joy ham shu, deydi inson huquqlari faollari. Uylar, imoratlar havo hujumlarida yer bilan yakson bo’lgan. Halab aholisiga xlor gazi bilan hujum qilingani to’g’risida xabarlar paydo bo’ldi.

“So’nggi ikki haftada uchinchi bor shunday xabar oldik. Shifokorlar 60 kishi xlor gazidan zaharlanganini aytmoqda, aksariyati bolalar. Hujum alomatlari - nafas yo’llarining qisilishi, bo’g’ilish va yo’tal”, - deydi Xalqaro Amnistiya huquq tashkilotidan Diana Seman.

Bashar al-Assad hukumati ilgari ham shunga o’xshash hujumlarda gumon qilingani bois masala jiddiy qabul qilinyapti.

“Agar tasdiqlansa, bu urush jinoyati ekaniga shubha yo’q. Barcha tomonlardan zudlik bilan chora ko’rish talab qilinadi”, - deydi BMT maxsus vakili Stafan de Mistura.

Rossiya aviatsiyasi yordamida Suriya armiyasi shimoldagi Halab shahrini bir oydan beri bombardimon qilayapti. Kuni-kecha Rossiya shaharga gumanitar yordam olib kirish uchun har kuni uch soat davomida otishmani to’xtatishga rozilik berdi. BMT rasmiylariga ko’ra, bu yetarli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG