Breaking News

Meksikalik noqonuniy muhojir 30 yildan so'ng hujjat olish arafasida


AQSh-Meksika chegarasi
AQSh-Meksika chegarasi

AQSh Kongressi Texas va Meksika chegarasida 2010-yil qurilgan devorni moliyalashda davom etar ekan, o'z navbatida Meksika hukumati ham noqonuniy muhojirlarning AQShga o'tishini yanada qiyinlashtirmoqda. AQShga 30 yil avval kelgan Iisus Sanches Qo'shma Shtatlarga o'tish uchun u paytlar Rio-Grande daryosini kechib o'tish kifoya qilganini aytadi.

Texas shtatining El-Paso shahri AQSh-Meksika chegarasidagi ikkinchi eng ko'p odam o'tadigan joy hisoblanadi. Kirayotganlarning ko'pi har kuni ishga qatnaydiganlar, lekin pana-pastqam hududlardan o'tishga urinadigan noqonuniy muhojirlar ham ko'p.

Iisus AQShga bolaligida ota-onasi bilan kelgan. Rio-Grande daryosini kechib o'tgani esida.

"Biz yurdik. O'sha kuni daryo baland emasdi. Tizzamizgacha kelgan. Qo'riqchilar bor-yo'qligini tekshirdik. Agar bo'lmasa, yugurasiz yoki yurasiz. Yugurganimizni eslolmayman. Qorong'i edi. Ertalabki to'rt yoki uch yarim bo'lgan", - deydi u.

Iisus AQShda 30 yilga yaqin yashagan bo'lsa ham, hanuz qonuniy maqomga ega emas. Ammo farzandlari hujjatli. Ulardan biri bioximik. Ikkinchisi haqida gapirganda Iisus kuladi.

"Turli ishlarga topshiryapti. Bilasizmi, kim bo'lmoqchi? Chegara qo'riqchisi", - deydi u.

Iisusda qisqa muddatli vizalar bo'lgan, ammo 2010-yildan beri hujjatsiz. Hozir katta farzandining arizasi asosida grin karta olish arafasida.

"Hayotim hozir shu yerda. Bor-budim AQSh bilan bog'liq. Juda minnatdorman. Lekin bu yerda qonuniy bo'lishni xohlayman", - deydi muhojir.

Hozir El-Pasoga o'tish 30 yil avvalgiga qaraganda ancha qiyin.

2010-yil 211 kilometrli chegaraga devor qurilgan. 2006-yil chegaradan noqonuniy o'tish holatlari 122 mingta bo'lgan. O'tgan yili ular soni 25 mingtaga tushgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG