Breaking News

Saylov-2020: Trampga asosiy raqib kim bo'ladi?


Amerikada keyingi prezident saylovlari 2020-yilning noyabrida o’tadi. O’nlab nomzodlar mamlakat kezib, o’z dasturini saylovchilarga tushuntirmoqda. Ikkinchi muddatga saylanishga harakat qilayotgan Donald Trampning hozir butun e’tibori Jo Baydenda. Obama davrida vitse-prezident bo’lgan Bayden reytinglarda oldinda va Trampga asosiy raqib deb ko’rilmoqda. Yaqin orada demokrat nomzodlar o’rtasida birinchi teledebat bo’lib o’tadi.

Saylovlarni erta boshlab beradigan Ayovada demokratlardan asosiy da’vogar Jo Bayden Donald Tramp bilan bir paytda shtatda tashviqot olib bordi.

“Tramp hammani bo’lib qo’yadigan, insonlarni vahimaga solib yuradigan odam. Qo’rquv, nafrat uyg’otadigan odam. Boshqalarni haqorat qiladigan prezident bo’lmagan bizda hali. Aql bovar qilmaydi”, - deydi Bayden.

Tramp ham saylovchilar bilan uchrashuvlari chog’ida Baydenni tez-tez tilga oladi.

“Jo umrida bir foizdan ko’p ovoz olmagan. Obama uni axlatdan chiqargan. Ammo hozir yana ishi yurishmayapti. So’l qanot do’stlari uni yaqinda poygadan chiqarib yuborsa kerak. Uning kampaniyasi Trampni yomonlashga qaratilgan, xolos”, - deydi u.

Jo Bayden va Donald Tramp
Jo Bayden va Donald Tramp

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Bayden partiyadosh raqiblaridan oldinda ketmoqda. Vermontlik senator Berni Sanders ikkinchi o’rinda. Da’vogarlar orasida Massachusets shtatidan senator Elizabet Uorren ham bor.

“Qurol zo’ravonligiga qarshi ayovsiz kurashaman. Farzandlarimizni himoya qilamiz”, - deydi u.

Demokrat nomzodlardan yana biri - Indiana shtatidagi kichik bir shaharning 37 yashar meri Pit Butejej.

“Yangicha fikrlash, dadil harakat, kelajakka nazar. Biz yashayotgan davr jiddiy bo’lgani uchun nomzodimni prezidentlikka qo’yyapman”, - deydi u.

Demokrat nomzodlar Trampni ko’p muhokama qilar ekan, tahlilchi Larri Sabatoning aytishicha, bunday vaziyat, asosan, Baydenga qo’l keladi.

“Ijtimoiy so’rovlarda qatnashayotganlarning aksariyati sotsiologlarga Trampni mag’lub eta oladigan nomzodni qo’llab-quvvatlashini aytmoqda. Bu nomzod bilan ko’p masalalarda hamfikr bo’lishmasa ham ular rozi, chunki har holda Trampdan ular ko’proq norozi”, - deydi Sabato.

Bayden so’rovlarda Trampdan ham o’zib ketgan. Prezident barcha demokrat nomzodlarni so’l tarafga qattiq og’ayotganlikda aybladi.

“Demokratik partiya kunda-kunga tartibsiz, borgan sari keskinlashib ketyapti. Siz bunga qanday qaraysiz? Menga yoqyapti”, - deydi Tramp.

Larri Sabatoning aytishicha, Tramp demokratlar o’ta so’lchi nomzodni tanlashiga umid qilmoqda.

“Respublikachilar va Tramp demokratlar dimog’i ko’tarilishini xohlaydi. Agar ular o’zlariga keragidan ortiqcha ishonib yuborsa, demokrat faollarni qoniqtirish uchun so’lchi da’vogarni yagona nomzod qilib tanlashi mumkin, ammo bunday nomzodning 2020-yilda mag’lub bo’lishi aniq. Tramp shtabidan kelayotgan gaplar ortida mana shunday yashirin maqsad bor”.

Iyun oxirida Demokratik partiyadan prezidentlikka 20 nafar da’vogar orasida ilk teledebat bo’lib o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG