Breaking News

Bayden: Rossiya G'arb demokratiyasiga ishonchni yemirmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden

AQSh sobiq vitse-prezidenti Jo Bayden fikricha, G'arb hamjamiyati Rossiyaning demokratiyaga qarshi olib borayotgan harakatlariga jim qarab turmasligi kerak.

"O'zidagi rasvo ahvoli, yulg'ichlik va yakkahokimlikka asoslangan tuzumdan e'tiborni boshqa joyga qaratish uchun Kreml G'arbga qarshi mafkuraviy hamla bilan ovora", - deydi Bayden, Tashqi aloqalar kengashida so'zlar ekan.

“Rossiya biladiki, G'arbga bas kela olmaydi. Shu bois u turli yashirin yo'llar bilan bizning tizimlarimizni nishonga olmoqda, bizga nisbatan ishonchni yemirishga urinmoqda", - deydi u.

Pentagon sobiq rasmiysi Maykl Karpenter fikricha, Rossiyaning G'arbga e'tibori hamkorlikda emas, balki Yevropa va Shimoliy Amerikada hukumatlarni "sharmanda qilishda".

"G'arb davlat organlarini samarasiz, mas'uliyatsiz va o'yinchoq agentliklar va boshqaruv sifatida ko'rsatmoqchi. Demokratik institutlarni yaramas organlar sifatida tasvirlashga urinmoqda", - deydi Karpenter.

2017-yilda AQSh saylov jarayonini buzishga harakat qilganlikda gumon qilinayotgan Rossiya bu da'volarni inkor etadi.

Baydenning aytishicha, Kreml qanchalik yo'q demasin, uning informatsion xurujlari haqiqat va Tramp ma'muriyati unga qarshi hech narsa qilmayapti.

Vashingtonda boshqa siyosatdonlar ham shunday xulosa qilmoqda. Rossiya kiber-xurujlarni, shuningdek, Amerika va uning ittifoqchilari haqida yolg'on tarqatishni to'xtatmagan, deydi ular.

Bu ishlar Barak Obama prezidentligi davrida ham qilingan, deya eslatadi ekspertlar.

Bayden fikricha, 2016-yilda saylov oldida Oq uy bu borada vahima ko'tarmaslikka qaror qilgan, chunki u demokratik jarayonlarga salbiy ta'sir etishi mumkin, deb hisoblagan.

Lekin Obama tanqidchilari nazarida Oq uy o'sha paytdayoq keskin choralar ko'rishi kerak edi. Endi aql o'rgatishdan ne hojat?

Baydenga ko'ra, u vitse-prezident sifatida bu borada Kongress bilan, xususan, u yerda hukmron respublikachilar bilan ishlashga uringan. Ularni Rossiyaga qarshi chora ko'rishga undagan. Lekin, deydi u, respublikachilarda iroda yetishmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG