Breaking News

AQSh bu yil Afg'onistonda qo'shinlar sonini kamaytirmaydi


Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi harbiy strategiyasiga tuzatishlar kiritmoqda. Yangi rejaga ko'ra, kelasi yil mobaynida 9800 askar Afg'onistonda qoladi va 2017-yilga borib ular soni 5500 ga kamayadi. Prezident Barak Obama bu haqda bugun e'lon qildi.

Afg'onistondagi missiya ikki vazifadan iborat bo'lib qolaveradi: mahalliy armiya malakasini oshirish va aksil-terror amaliyotlarini olib borish. Obamaning aytishicha, afg'on qo'shinlari hanuz yetarlicha kuchga to'lmagan, Tolibon esa shaharlarda qonli hujumlar uyushtira olishini isbotlab kelmoqda.

Obama o'tgan yilgi nutqida barcha askarlar vatanga qaytadi, deb va'da bergan edi. Hozir Afg'onistonda qariyb 10 ming sonli qo'shin bor. Kobuldagi elchixonani qo'riqlash uchun shundan faqat 1000 nafarini qoldirish belgilangan edi.

Oq uy harbiy yetakchilar, qo'mondonlar va Afg'oniston hukumati bilan uzoq munozaralardan so'ng yangi rejani ishlab chiqqan.

Tolibon harakati Obama qarorini keskin tanqid qilmoqda.

"AQSh istilosiga chek qo'yilishi, Afg'onistonda islomiy hukumat barpo etilishi tarafdorimiz. Ajnabiy kuchlar o'lkani butunlay tark etsagina muammolarni o'zimiz, afg'onlar, muloqot orqali hal qilishi mumkin", deyiladi guruh bayonotida.

Toliblar urushga yakun yasash uchun hukumat bilan jiddiy muzokara boshlashga tayyorligini bildirmoqda.

5500 amerikalik askar Kobul, Bag'ram, Jalolobod va Qandahordagi bazalarda joylashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG