Breaking News

Afg'oniston jurnalistlari Tolibon do'q-po'pisasidan xavotirda


Tolo TV, Kobul
Tolo TV, Kobul

Afg'oniston jurnalistlari Tolibonning mamlakatdagi ikki telestansiyaga qarshi do'q-po'pisalarini keskin tanqid qilmoqda. Toliblarga ko'ra, bu teletarmoqlar Amerika tashviqotchisiga aylangan va bundan keyin ular matbuot idorasi emas, balki harbiy nishon sifatida ko'riladi.

Jangarilarga bu tarmoqlarning Qunduz shahridagi so'nggi voqealarni qanday yoritgani yoqmagan. Tolibon shaharni ishg'ol qilib, bir necha kunlik janglardan so'ng chekinishga majbur bo'ldi.

Tolo TV va 1-kanal vakillarining matbuot anjumanida aytishicha, agar toliblar ularga hujum qilsa, mamlakatdagi barcha jurnalistlar Tolibonga boykot e'lon qiladi.

"Ommaviy axborot vositalari janglarda ishtirok etayotgani yo'q, biz noharbiy tashkilotmiz. Bizga qarshi hujum harbiy jinoyat hisoblanadi", - deyiladi afg'on jurnalistlari bayonotida.

Ular hukumatni matbuot erkinligini himoya qilish uchun chora ko'rishga da'vat etmoqda. Bayonotda aytilishicha, bu 14 yilda qo'lga kiritilgan katta yutuqlardan biri.

Afg'oniston prezidentining idorasi chiqargan bayonotda matbuot erkinligi demokratiyaning asoslaridan biri va uni himoya qilish davlatning vazifasi, shu sabab hukumat fuqarolari va matbuotni himoya qilishda aslo ikkilanmaydi, deyiladi.

Tolibonga ko'ra, Tolo TV va 1-kanal "kofirlar"ning tashviqot quroliga aylangan.

"Ularning hech bir xodimi, boshlovchisi, idorasi, muxbiri o'zini xavfsiz his qilmasligi kerak. Bundan keyin bu kanallarning barcha jurnalistlari va hamkorlari dushman deb ko'riladi, barcha idoralari, markazlari, reportajga chiqgan guruhlari harbiy nishon sifatida ko'rilib, yo'q qilinadi" deyiladi Tolibonga aloqador internet sahifada.

Tolibon bu kanallarni AQSh elchixonasidan pul olib, ularning vazifalarini bajarayotganlikda ayblab, xalqni telestansiyalarni boykot qilishga chaqirdi.

Jangarilarga Qunduzga qilingan hujumlar yoritilgan reportajlardan biri ayniqsa yoqmagan. Unda aytilishicha, qizlar yotoqxonasi hujumga uchrab, talabalar zo'rlangan.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkilotining Qunduz aholisi bilan qilgan suhbatlari asosida tayyorlangan hisobotidan ma'lum bo'lishicha, toliblar uyma-uy yurib, odamlarni o'ldirgan, ommaviy ravishda zo'rlagan. Biroq Tolibon voizi Zabihulla Mujohid "Amerika Ovozi"ga qilgan bayonotida bu ayblovlarning barchasini inkor etdi.

Jangarilar Qunduzni 28-sentabrda qo'lga olib, uch kun ushlab turdi, so'ng hukumat kuchlari hujumida chekinishga majbur bo'ldi.

"Aholiga zarar yetmasin, deb shahardan butunlay chiqib ketdik", - deydi Mujohid.

Unga ko'ra, toliblar himoyasini kuchaytirib, kuch to'plab, kelajakda yangidan hujumga o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG